Jahon | 00:40 / 23.04.2020
59240
10 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Britaniyada mojaro va Xitoyni sudga bergan shtat

Ispaniya, Italiya va Yevropaning boshqa bir necha davlatlari qat'iy karantin choralarini yumshatishda davom etmoqda, Britaniyada himoya vositalari tugab qoldi, Chernogoriyada ilk zararlanish holati qayd etildi, AQSh Xitoyni yana bir bor pandemiya uchun aybladi, BMT esa «bemisl ko‘lamdagi ochlik» boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Foto: Reuters

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, jahonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 2,6 milliondan oshgan, o‘limlar soni 182,4 mingdan ortiq, 714 mingdan ortiq kishi sog‘aygan. AQSh shifoxonalarga olib kelingan bemorlar soni bo‘yicha yetakchi - 829 ming holat.

BBC koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi yangiliklarni jamladi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hukumat may oyi o‘rtalaridan karantin choralarini yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qildi, ammo bu jarayon bosqichma-bosqich kechadi. Mamlakatda o‘tgan haftadayoq ayrim cheklovlar bekor qilinishi boshlangandi: avvaliga ayrim zavodlar va korxonalar faoliyatiga ruxsat berildi, yakshanba kunidan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘chaga chiqishi uchun qo‘yilgan taqiq bekor bo‘ldi - ular faqat yoshi kattalar hamrohligida ko‘chada sayr qilishi mumkin. Bungacha bolalar uylarini tark etishi taqiqlangandi.

Ispaniya zararlanish holatlari soni bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinda joylashgan (208 mingdan ortiq holat), o‘limlar soni bo‘yicha esa Italiyadan keyin ikkinchi (21 717 qurbon).

Ispaniyada qat'iy karantin choralari 14 mart kuni joriy etilgandi.

Fransiyada qatorasiga uchinchi kun Parijdan shimoldagi hududda tartibsizliklar davom etmoqda. Politsiya bilan to‘qnashuvga kirishgan yoshlar chiqindi idishlarini yoqib, toshlar uloqtirishmoqda. Ushbu hudud qashshoq mahallalardan iborat bo‘lib, karantin tufayli vaziyat og‘irlashgan, politsiyachilarning ko‘chalardagi tun-u kun navbatchiligi esa ijtimoiy keskinlikni oshirgan.

Fransiyada Covid-19 bemorlari orasida intensiv terapiya bo‘limlariga yotqizish zarurati bo‘lganlari soni qatorasiga 13 kun pasaymoqda. Ayni vaqtda reanimatsiyalarda 5 433 bemor qolmoqda.

Ammo o‘lim holatlari soni o‘sishi to‘xtamayapti. Seshanba kuni mamlakatdagi shifoxonalarda 544 kishi vafot etdi va epidemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan jami o‘limlar soni 21 340 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi bir kunda yana 1827 kishi kasallangani aniqlangan va jami zararlanish holatlari soni 160 mingga yaqinlashgan. 

Italiya 4 mayda karantindan chiqa boshlashi mumkin / GETTY IMAGES

Italiya hukumati hafta oxirida mamlakatni karantindan olib chiqish rejasini taqdim etadi. Bosh vazir Juzeppe Kontening ma'lum qilishicha, normal hayotga qaytish koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari va olimlarning qat'iy nazorati ostida kechadi.

Karantin choralari 4 maydan susaytirilishi kutilmoqda.

Mamlakatda yangi zararlanish holatlari kamayishi davom etmoqda (so‘nggi bir kunda 3370ta yangi holat, jami holatlar soni 187 mingdan oshiq), ammo o‘limlar ko‘rsatkichi o‘smoqda. So‘nggi bir kunda 534 kishi koronavirus qurboniga aylandi, jami qurbonlar soni 25 085 kishiga yetdi - Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Britaniyadagi mojaro

GETTY IMAGES

Buyuk Britaniyada so‘nggi bir kunda koronavirus tufayli shifoxonalarda 763 kishi olamdan o‘tdi. Endilikda jami qurbonlar soni 18 100 kishiga yetdi, zararlanish holatlari soni - 133 mingdan oshgan.

Ammo bu statistikadan Covid-19 bilan og‘riganlarning barchasi, shuningdek, o‘z uyida yoki qariyalar uylarida vafot etayotganlar o‘rin olmagan. So‘nggi besh kunda kasalxonalardan tashqaridagi o‘limlar soni ikki barobar ko‘paygan, shunday ekan, haqiqiy holat rasmiy raqamlardagidan jiddiy farq qiladi.

Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Henkokning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Britaniya kasallik tarqalishining eng yuqori darajasida turibdi. Bu esa tez orada pasayish boshlanishiga umid bermoqda, ammo vazir hukumat karantin choralarini faqatgina ikkinchi to‘lqin boshlanmasligiga ishonchi komil bo‘lganidagina bemor qilishini aytdi.

Bu vaqtda Britaniyada mamlakat YeI bilan Covid-19ni aniqlash va davolash uchun zarur bo‘ladigan vositalar - tibbiyot xodimlari uchun himoya vositalari, sun'iy nafas oldirish apparatlari, laboratoriya uchun qurilmalar, shuningdek test to‘plamlari xarid qilish bo‘yicha umumiy kelishuvda ishtirok etmagani bo‘yicha mojaro boshlandi.

Bunday kelishuvda YeIga a'zolikdan qat'i nazar Yevropaning barcha mamlakatlari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan. Birgalikdagi harakatlar bo‘yicha reja birinchi marta yanvar oyi oxirida muhokama qilingan, 17 mart kuni esa maxsus komissiya davlatlardan muayyan jo‘natmalar uchun buyurtmalarni qabul qilishni boshlagan.

Yevroittifoq amaldorlarining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya vakillari ushbu jarayonning barcha bosqichlarida ishtirok etishmagan va belgilangan kunda ariza topshirilmagan.

Britaniya hukumatidagilar belgilangan muddatga ulgurishmagani haqida aytmoqda.

Bu vaqtda esa Londondagi shifoxonalarda shaxsiy himoya vositalari tugamoqda, ayrimlarida esa umuman qolmagan. Londonliklar tashabbus ko‘rsatib onlayn-do‘konlardan va to‘qimachilik korxonalaridan shifoxonalar uchun tibbiy niqoblar izlashmoqda.

Yevropada yana nimalar bo‘lmoqda?

Ruminiyada ko‘chalarda harakatlanishga qat'iy cheklovlar o‘rnatilgan / GETTY IMAGES

Ruminiya rasmiylari bir oyga yaqin vaqt ichida xazinani karantin qoidalarini buzganlik uchun qo‘llangan jarimalar orqali 69 million funtga (78 mln yevro) to‘ldirishgan. Taqqoslash uchun, mamlakatda fevral oyida shuncha miqdorda soliq yig‘ilgandi.

Xabar qilinishicha, mart oyi oxiridan buyon politsiya 200 mingga yaqin kishini izolyatsiya rejimini buzgani uchun jarimaga tortgan.

Eng ko‘p jarimalar poytaxt Buxarestda va atrofdagi hududlarda qo‘llangan. Buxarest meri Robert Negoitsa ham jazodan qochib qutula olmagan, u shahardagi xiyobonda velosipedida sayr qilgani uchun jazolangan.

Karantin tartiblariga ko‘ra, ko‘chada harakatlanish faqat muhim sohalar xodimlariga mumkin, qolganlar esa uydan kunduz kunlari faqat oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zaruriy xaridlar uchun chiqishi mumkin, odatda bir kunda faqat bir marta chiqishga ruxsat beriladi.

Chernogoriyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Shu tariqa, bu davlat Yevropada Covid-19 aniqlangan so‘nggi hududga aylandi.

Niderlandiya moliya vaziri Vopke Hukstra odamlar hayoti uchun kurashayotgan va har kuni o‘z hayotini xavf ostida qoldirayotgan shifokorlar olqishlardan ham kattaroq mukofotlarga munosibligini aytib o‘tdi.

Niderlandiyadagi shifoxonada / GETTY IMAGES

Hukstraning farmoniga ko‘ra, Niderlandiyada tibbiyot sohasida xizmat ko‘rsatayotgan har bir xodim har kuni bonus oladi. Hozircha mukofot summasi ma'lum qilinmagan.

Germaniya hukumati an'anaviy Berlin marafonini qoldirgan, bu tadbir sentabr oyida bo‘lib o‘tishi belgilangandi. Mamlakatda ommaviy tadbirlarga qo‘yilgan taqiq muddati 24 oktyabrgacha uzaytirilgan.

Jahondagi vaziyat
Amerikaning Missuri shtati Xitoyni pandemiya yuzaga kelishida ayblab sudga berdi. Shtatning bu harakati rasmiy Pekinni dunyoda yuzaga kelgan vaziyatda ayblab kelayotgan Oq uy pozitsiyasini ifodalaydi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy koronavirus tarqalishi ko‘lami bo‘yicha to‘g‘ri ma'lumotlarni taqdim etmagani, JSST esa xitoyliklar bergan statistika ma'lumotlarga ko‘r-ko‘rona ishongani va epidemiya tarqalishi oldini olish uchun zarur choralar ko‘rmagani haqida aytib o‘tgandi.

Ko‘plab amerikalik tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bu bilan pandemiya vaqtidagi harakatsizligi tufayli tushib ketgan reytingini ko‘tarish uchun amerikaliklarning e'tiborini Xitoyga qaratishga urinmoqda.

Xususan, avvalroq MRB xodimlari guruhi yanvar oyidayoq Oq uyga yuzaga kelayotgan muammo haqida hisobot berilgani, unda Pekin taqdim etgan ma'lumotlar ishonchsiz ekanidan ogohlantirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo, agentlarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ularning hisobotiga e'tiborsizlik bilan qaragan - u Xitoy bilan savdo kelishuvi buzilishidan xavfsiragan.

Xitoy tomoni Missuri shtatining sudga berishidan tashvishga tushayotgani yo‘q, chunki Xitoy vakilini Amerika sudiga chaqirish imkonsiz ish.

Bu vaqtda AQSh kasalliklar va profilaktika markazi rahbari Robert Redfild mamlakatda karantin choralarini yumshatishga hali erta ekani, kasallik tarqalishining ikkinchi to‘lqini hozirgisidan ko‘ra xavfliroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Singapurda Covid-19dan zararlanish holatlari soni 10 mingga yetdi, so‘nggi kunda yangi zararlanish holatlari qayd etilishi bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi - 1 016 holat.

Shu tariqa, Singapur Janubiy-sharqiy Osiyoda koronavirusdan eng jiddiy zarar ko‘rayotgan davlatga aylandi. Hukumat zararlanish holatlarining aksari xorijiy muhojirlarning yotoqxonalari bilan bog‘liq ekanini ta'kidlamoqda.

Mamlakatda karantin choralari 1 iyunga qadar uzaytirildi, qator choralar qat'iylashtirildi.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, sayyoradagi millionlab kishilar hozirdanoq insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lib qolgan / REUTERS

Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat dasturi Covid-19 pandemiyasi «bemisl darajada ochlik» boshlanishiga olib kelishi mumkinligi va buning oqibatlari ko‘plab davlatlar va ayrim qit'alar uchun juda og‘ir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid