Jamiyat | 00:46 / 01.05.2020
12237
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz O‘zbekiston bo‘ylab 200dan ortiq muhtoj oilaga moliyaviy yordam ko‘rsatdi

Foto: KUN.UZ

Kun.uz sayti koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatishda ko‘maklashish maqsadida muborak Ramazon oyida mamlakat bo‘ylab muhtoj oilalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tahririyat jamoasi tomonidan ehtiyojmand, ayniqsa karantin davrida daromadsiz qolgan hamyurtlarimizning 200dan oshiq kishilik ro‘yxati shakllantirilib, 29-30 aprel kunlari ularning har biriga 1 million 200 ming so‘mdan moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.

Kun.uz o‘z moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqqan holda, ushbu ko‘mak dasturini yaqin 3 oy davomida Alloh qodir qilganicha har oy davom ettirishni niyat qilgan.

Shunday sinovli va ehsonga haqdorlar ko‘paygan kunlarda bir-birimizga yaxshi namuna bo‘lib, atrofdagi muhtojlarga befarq bo‘lmaylik.

Alloh Ramazon oyida barchamizning ixlos bilan qilgan amallarimizni qabul qilsin, ajr-savobini ko‘paytirib bersin. Imkoni yetgan tadbirkorlarimizni xayrli ishlarda faol va o‘rnak bo‘lishga chaqirib qolamiz.

Tadbirkorlar va boshqa barcha saxovatli aka-ukalardan xayrli ishlarda faol bo‘lishni so‘rab qolamiz. Shu o‘rinda Qur'oni karimdan Allohning ba'zi oyatlarini keltirishni joiz deb bildik:

«Sadaqani oshkora qilsangiz qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadi. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir». (Baqara surasi, 271-oyat)

«Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?! Bas, toki U zot unga berganini ko‘p marta qilib ko‘paytirib bersa. Va holbuki, Alloh (rizqni) tor qilur va keng qilur. Va Ungagina qaytarilursiz». (Baqara surasi, 245-oyat)

Izoh:

Alloh yo‘lida sadaqa qilgan odamlarning sadaqalarini Alloh hech qachon zoye ketkazmaydi va sadaqa qilingan mol-u dunyoni Alloh shu dunyodayoq ko‘p qilib qaytarib beradi va oxiratdagi savobi undanda ziyoda bo‘ladi. Zero har bir insonning rizqini ko‘p yoki tor qilib qo‘yguvchi zot Allohdir. Bandalarga berilgan rizq omonat va sinov uchundir.

Mavzuga oid