Jahon | 12:58 / 20.05.2020
27244
8 daqiqa o‘qiladi

Brazilcha «rus ruletkasi»: Janubiy Amerika davlati qanday qilib uchinchi o‘ringa chiqib oldi?

Braziliyaning yirik shaharlaridan biri bo‘lmish San-Pauluda sog‘liqni saqlash tizimi o‘z imkoniyatlaridan ortiq ishlashga majbur bo‘lmoqda: mer Brunu Kovasning ma'lum qilishicha, koronavirusga chalingan bemorlar oqimi tufayli intensiv terapiya bo‘limlari palatalarida bo‘sh joy qolmagan.

Foto: AFP/GETTY IMAGES

Uning ogohlantirishicha, shahardagi shifoxonalar 90 foizga to‘lgan va yaqin vaqt ichida umuman bo‘sh joy qolmasligi mumkin.

U karantin choralarini mensimaganlarni «rus ruletka»si o‘ynab, boshqalarning hayoti bilan o‘ynashishda ayblagan.

San-Paulu - Braziliyaning koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududi. Bu yerda hozirgacha 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Ammo bu vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan yagona hudud emas. O‘lim holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha San-Pauludan keyingi o‘rinda Rio-de-Janeyro bormoqda, bu shahardagi shifoxonalarda ham reanimatsiya xonalarida bo‘sh joylar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Shuningdek, Amazonka havzasidagi Manaus shahri ham Janubiy Amerikadagi yirik o‘choqlardan biriga aylangan. 15 may holatiga ko‘ra, bu shaharda koronavirus tasdiqlangan holatlar 18 mingdan oshiq edi, shifoxonalar to‘lib-toshgan, vafot etganlar umumiy qabristonlarga ko‘milmoqda.

Epidemiya ayniqsa Amazoniyaning tub aholisi uchun katta xavf solmoqda, shaharlardan uzoqda joylashgan hududlar aholisi tibbiy yordamlardan foydalanishi juda qiyin.

Shanba kuni Braziliya koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha Ispaniya va Italiyani ortda qoldirgandi, seshanba kuni esa Buyuk Britaniya ham ortda qoldirildi va bu mamlakat jahon reytingida AQSh va Rossiyadan keyingi uchinchi o‘rinda joylashgan.

AQShning Jons Hopkins universiteti taqdim etgan statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 19 may kuni yana 16,5 mingdan ortiq kishida virus aniqlandi va jami holatlar soni 272 mingga yaqinlashdi (Ayni vaqtda AQShda tasdiqlangan holatlar soni 1,5 milliondan ortgan, Rossiyada 300 mingdan oshgan). Shu vaqtgacha 17 983 nafar braziliyalik koronavirus qurboniga aylangan. So‘nggi bir kunda 1179 kishi vafot etgan va bu kunlik o‘limlar soni bo‘yicha hozircha eng yuqori natijadir. O‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Braziliya AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan keyingi  oltinchi o‘rinda.

18 mayda braziliyalik tibbiyot eksperti Domingo Alves mamlakatda kasallanganlar sonining jadal sur'atlarda o‘sib borayotganidan xavotirda ekani va raqam 3,5 millionga chiqishi mumkinligini bildirgan. Uning fikricha, hukumat barcha bemorlarni aniqlash uchun testlarni yetkazib bera olmaydi. U rasmiy statistika ham asli vaziyatni ifodalay olmasligini bildirgan.

Mamlakat prezidenti Jair Bolsonaru Braziliyada ham, xorijda ham keskin tanqid qilinmoqda, u hozirgacha qat'iy karantin joriy etishga qarshi bo‘lib kelmoqda.

Yakshanba kuni o‘z tarafdorlari va ularning farzandlari bilan mamlakat poytaxti Braziliyada suratga tushib, u yana bir bor ochiqchasiga ijtimoiy masofa saqlash bo‘yicha tavsiyalarni inkor etdi.

Jair Bolsonaru ijtimoiy masofa saqlashga qarshi / EPA

San-Paulu meri nima dedi?
San-Paulu shahri meri Brunu Kovas San-Paulu gubernatori bilan shtatda qat'iy karantin choralari joriy etishni muhokama qilgan. Shifoxonalarda joy tanqisligi boshlangan vaqtda mutasaddilar qat'iy cheklovlar orqali kasallik tarqalishini tiyib turishni rejalashtirishmoqda.

Politsiya gubernatorga bo‘ysunadi, shunday ekan bu vaziyatda uning qo‘llovi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Mer fuqarolardan uyda qolishni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar «tempni tushirishi kerak».

«Ishonish qiyin, kimdir odamlar hayoti bilan o‘ynashib, «rus ruletkasi» o‘ynashni afzal ko‘rdi. Boshqalarning o‘limiga bunday befarq bo‘lish juda nomunosib ishdir», degan Kovas.

San-Pauluda 12 millionga yaqin kishi yashaydi, hukumat vakillari ma'lum qilishicha, ularning aksari ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya etmayapti.

Keyti Uotson, BBC’ning Lotin Amerikasi bo‘yicha muxbiri
San-Paulu shtatida taxminan ikki oy muqaddam karantin joriy etilgandi: korxonalar, maktablar va jamoat joylari yopilgan, aholidan uyda o‘tirish so‘ralgandi.

Ammo karantin qoidalarini buzganlar uchun hech qanday sanksiyalar mavjud emas. Dam olish kunlarida shahar aholisi plyajlarga borishni davom ettirdi va atrofdagi hududlar aholisi bundan qattiq bezovta.

Shuningdek, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish tartibiga ham deyarli amal qilinmadi. Yakshanba kuni men ko‘chalarda to‘p-to‘p bo‘lib yugurib yurgan yoki velosipedlarda sayr qilayotgan odamlarni ko‘rdim. Ularning bir qismi umuman niqob taqqan, qolgani niqobni bo‘yniga tushirib olgancha gaplashib ketishardi. Bu yerda virusga jiddiy qarashmayapti.

Odamlar Yevropa bosqichma-bosqich ochilayotganini ko‘rishmoqda va sabrsizlik bilan bu yerda ham qachon karantin butunlay tugashini so‘rashmoqda. Ammo mer dam olish kunlarida ma'lum qildiki, shaharda ma'lum vaqt hayot to‘xtashi kerak. Yaqin kunlarda qat'iy karantin joriy etilishi kutilmoqda.

So‘nggi haftada qayd etilgan holatlar soni bo‘yicha Braziliya Rossiyadan ham oldinda

Prezident nima qilmoqda?
Jair Bolsonaru karantin joriy etilishiga qarshilik qilishda davom etmoqda, uning so‘zlariga ko‘ra bundan faqat mamlakat iqtisodiyoti zarar ko‘radi.

Mart oyidagi nutqida u merlar va gubernatorlarni cheklovlar joriy etmaslikka chaqirgandi: «Hayotimiz davom etishi kerak. Ish joylari saqlab qolinishi kerak. Biz normal hayotga qaytishimiz kerak».

Prezident korxonalar va maktablar yopilishi, jamoat transportida harakatlanish to‘xtatilishini «o‘t qo‘yilgan zamin» siyosati deb atagandi.

Mamlakatda kundan kunga virus tarqalishi tezlashib bordi, ammo Bolsonaru qo‘rqishga hojat yo‘qligini ta'kidlab keldi.

«Sport bilan shug‘ullanganimni hisobga olsak, menda tashvishlanishga sabab yo‘q. Agar men virusdan zararlansam ham, hech narsani his qilmayman va yengil  grippdek o‘tkazib yuboraman», degandi u.

Aprel oyida Jair Bolsonaru karantinni bekor qilish talab qilib o‘tkazilgan namoyishlarda qatnashdi. U doimiy ravishda cheklovlar iqtisodiyotga zarar berishi, ishsizlik va ochlik yuzaga kelishini aytib kelgan.

O‘tgan haftada Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri Nelson Teych iste'foga chiqdi. U bu lavozimda bir oy ham ishlamadi. U prezidentning fitnes-zallar va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat berish to‘g‘risidagi farmoyishini qattiq qoraladi. Teychdan avvalgi vazir ham Bolsonaru bilan bu masalada kelisha olmagani tufayli ishdan ketgandi.

19 may kuni Braziliya Kongressi jamoat joylarida tibbiy niqobda harakatlanishin majburiy qilib qo‘yish nazarda tutilgan qonunni ma'qulladi. Unga ko‘ra, qoidabuzarlar 50 dollar miqdorida jarimaga tortiladi.

Qonun endi Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak, keyin prezident Jair Bolsonaruga imzolash uchun kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid