Jamiyat | 10:16 / 22.05.2020
7990
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda mineral o‘g‘itlarni talon-toroj qilgan 9 kishilik guruh aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 15 may kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududida joylashgan «Jizzaxagrokimyohimoya» HAJ mas'ul xodimlari tuman IIBga murojaat qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Ular o‘z murojaatida joriy yilning 6 may kunidan 14 may kuniga qadar noma'lum shaxslar omborning orqa tomon devorini buzish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, omborda saqlanayotgan «ammafos» mineral o‘g‘itining bir qismini o‘g‘irlab ketganliklarini ma'lum qilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, noma'lum shaxslar tomonidan    umumiy bahosi 55 mln. 400 ming so‘mlik jami 9 tonna 900 kg. «ammafos» mineral o‘g‘iti yashirin ravishda talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma'lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi (o‘g‘irlik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida Paxtakor tumanida yashovchi 9 nafar fuqaro oldindan jinoiy til biriktirib, tungi vaqtlari «Jizzaxagrokimyohimoya» HAJ maydoni bo‘ylab o‘ralgan beton devorning tuynugi orqali kirib, hududda joylashgan omborxona binosining orqa tomonidagi g‘ishtdan terilgan devorini teshish yo‘li bilan omborga g‘ayriqonuniy ravishda kirgani aniqlangan.

Ular u yerda saqlanayotgan qo‘shma korxona hisobida bo‘lgan umumiy bahosi 55.400.000 so‘mlik 9.900 kg «Ammafos» mineral o‘g‘itini bo‘lib-bo‘lib, bir necha marta yashirin ravishda jamiyat hududidan olib chiqib, tashqarida kutib turgan «Neksiya-2» va «Kobalt» rusumli avtomashinalarga yuklab olib ketib, Jizzax viloyatining G‘allaorol va Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanlaridagi dehqon xo‘jaliklariga sotish bilan shug‘ullanib kelganliklari ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, ushbu avtomashinalardan qoplangan holatdagi «ammafos» mineral o‘g‘itlari, shuningdek mineral o‘g‘itlarning qoplari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Mavzuga oid