Finishga yetolmagan Airbus. Pokistondagi aviahalokatga nima sabab bo‘lgan?
22 may kuni Pokistonda dahshatli aviahalokat yuz berdi. Pakistan International Airways avikompaniyasiga tegishli Airbus320 samolyoti qo‘nish arafasida halokatga uchradi. Karachidagi odamlar uyi ustiga qulagan samolyot halokatiga nima sabab bo‘lgan?
Uchuvchi halokatdan oldin xabar bergan
Lahordan Karachiga parvozni amalga oshirgan samolyot bortida 99 kishi bo‘lgan: 91 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a'zosi. Yo‘lovchilardan ikki kishi omon qoldi. Samolyot Karachidagi «Jinna» aeroportiga qo‘nishi belgilangan vaqtdan bir daqiqa oldin halokatga uchragan. Samolyot yerga qulashidan bir daqiqa avval uchuvchi va dispetcher o‘rtasida aloqa uzilgan. Pakistan International Airways avikompaniyasi rahbari Arshad Malikning xabar qilishicha, halokatdan oldinroq uchuvchi ikkita dvigatel ishlamay qolgani haqida xabar bergan.
47 ming soatdan ko‘proq uchgan samolyot
Halokat sodir bo‘lgach, samolyotni ishlab chiqargan Airbus kompaniyasi tezda u haqda ma'lumot e'lon qildi. Unga ko‘ra, samolyot 2004 yilda foydalanishga topshirilgan va 2014 yildan Pokiston xalqaro havo yo‘llari tasarrufiga o‘tib, halokatgacha 47 100 soat parvozni amalga oshirgan. Airbus halokat sabablari haqida hech qanday ma'lumot berilmadi.
Taxminlarga ko‘ra, halokatga samolyotdagi texnik nosozlikdan tashqari uning havoda qushlar galasi bilan to‘qnashgani ham sabab bo‘lgani ehtimoldan xoli emas. Biroq bu dalilni bir fakt rad etishi mumkin. Agar samolyot chindan qushlar galasi bilan to‘qnashganda uchuvchi katta ehtimol bilan bundan xabar topgan va dispetcherga ma'lum qilgan bo‘lardi. Ammo u qulash oldidan faqat ikkita dvigatel ishlamay qolganini aytgan.
Aniqlanishicha, uchuvchi birinchi urinishda qo‘nishni amalga oshira olmagan va shundan keyin dvigatellar ishdan chiqqanini xabar berib, uch marta nosozlik signalini bergan, ya'ni favqulodda holatlarda harakatsizlik alomatini bildiriruvchi «mey-dey» chaqiruvini uch marta aytgan.
Qurbonlar ko‘payishi mumkin
Hozircha rasman qurbonlar soni 97 kishi ekani aytilmoqda. Ammo samolyot odamlarning uylari ustiga qulagani inobatga olinsa, aholi orasida ham qurbonlar chiqish ehtimoli bor. Ba'zi nashrlarning yozishicha, samolyot qulagan uylardan 15-20 nafar odam qutqarib olingan, shuningdek, bir bola va bir nafar katta yoshli odamning jasadi topilgan.
Pokistonda ham boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi aviaqatnovlar to‘xtatib qo‘yilgan va hukumat yaqinda faqat ichki reyslarni tiklashga ruxsat bergandi.
«Atrofimda faqat olovni ko‘rdim»
VVS nashrining yozishicha, samolyot yo‘lovchilarining aksari hayit bayrami munosabati bilan yaqinlarinikiga ketayotgan bo‘lgan. Samolyot bortida bo‘lgan va omon qolgan ikki yo‘lovchidan biri Muhammad Zubayr halokatdan oldingi voqealarni gapirib berdi.
«Hech kim samolyot qulaydi deb o‘ylamagandi. U birdan keskin pasaya boshladi. Samolyot yerga urilganda zarbdan hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelganda faqat odamlarning baqirayotgani eshitilardi, atrofda faqat olov ko‘rindi. Tezda xavfsizlik kamarini yechdim va yorug‘lik ko‘ringan tomonga qarab bordim.
Men Karachiga hayit bayramini nishonlagani borayotgandim. Lahordan kunduzgi soat 13:00da uchdik, parvoz muammosiz davom etayotgandi. Karachi aeroportiga yaqinlashganda uchuvchi qo‘nishni e'lon qildi, samolyot sekin pastladi va birdan ikki-uch marta silkindi. Keyin samolyot ikkinchi marta aylanib keldi. 10-15 daqiqa o‘tib uchuvchi yana qo‘nishimizni e'lon qildi. Keyin quladik va men hushimni yo‘qotdim», deb eslaydi omadli Muhammad Zubayr.
Ekspertlarning aytishicha, samolyotning qo‘nish shassisi (ya'ni g‘ildiraklari) ochilmay qolgan bo‘lishi mumkin. Ular buni samolyot qulagani tasvirlangan suratlarda shassi ochilmagani bilan izohlashgan. Samolyot qulagan yerda mashinalar ham yonib ketgan. Omon qolgan ikki kishi ham samolyotning old qismida, ya'ni biznes klasda bo‘lgani aytilmoqda. Ulardan biri Panjob Banki rahbari Zafar Mas'ud bo‘lgan. U omon qolgani haqida «Bank of Punjab» rasmiy saytida ham ma'lum qilindi.
40 ming dollar kompensatsiya
Ma'lum bo‘lishicha, aviahalokat oqibatida qurbon bo‘lgan 97 yo‘lovchining yaqinlari «Pokiston xalqaro havo yo‘llari» kompaniyasidan 1 million rupiya miqdorida kompensatsiya olishadi. Yana 5,5 million rupiyadan sug‘urta kompaniyasi to‘lab beriladi. Umumiy hisobda har bir vafot etgan yo‘lovchining yaqinlari 6,5 million rupiyadan (taxminan 40 ming AQSh dollari) olishadi.
Pokiston rasmiylari surishtiruv harakatlari uch oygacha cho‘zilishi mumkinligini ma'lum qilishgan. Shuningdek, samolyotning «qora quti»sini ochishda Pokiston hukumati Airbus’dan yordam so‘rashi ma'lum. Pokistonlik uchuvchilar hukumatga murojaat qilib, surishtiruv ishlariga Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti vakillarini jalb qilishni so‘ragan.
«Agar hozir xalqaro tashkilotlar jalb qilingan holda tekshiruv o‘tkazilmasa, bunday halokatlar yana takrorlanishi mumkin», degan Pokiston fuqaro aviatsiyasi assotsiatsiyasi bosh kotibi kapitan Imron Narejo.
Bu Pokistonda so‘nggi yillardagi ilk aviahalokat emas. 2010 yilda Airblue aviakompaniyasi samolyoti Islomobod yaqinida halokatga uchrab, uning bortidagi 152 kishining barchasi halok bo‘lgan. 2012 yil esa Bhoja Air aviakompaniyasining Boing-737 samolyoti Ravalpindida qulab tushishi oqibatida 127 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 2016 yil Pakistan International Airlines samolyoti parvozga chiqish arafasida yonib ketib, 47 kishi halok bo‘lgandi.
Mavzuga oid
15:29 / 25.11.2024
Vilnyus aeroporti yaqinida yuk tashuvchi Boeing qulab tushdi
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
15:12 / 09.11.2024