10 iyunga o‘tar kechasi Pokiston Afg‘oniston hududiga navbatdagi havo zarbalarini berdi. Bu haqda xabar bergan Pokiston axborot vaziri Attaulla Tararga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 26 nafar jangari o‘ldirilgan.

Tarar harbiylar chegara bo‘ylab Pokiston Tolibonining yashirin joylari va xavfsiz boshpanalarini nishonga olgan holda aniq zarbalar berganini bildirdi.

«26 nafar jangchi yo‘q qilindi. To‘rtta nishon, jumladan, o‘quv markazi, o‘q-dori ombori hamda "TTP" qo‘mondonlari AlimXan Xushali va Axtar Muhammad Jani bilan bog‘liq pozitsiyalar vayron etilgan» deya Pokiston rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Al Jazeera nashri.

Tarar Pokistonning zarbalarini ishonchli razvedka ma’lumotlariga asoslangan, puxta hisob-kitob qilingan va aniq yo‘naltirilgan zarbalar deb ta’rifladi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu operatsiyalar so‘nggi paytlarda sodir etilgan bir qator hujumlarga javoban amalga oshirilgan.

Bular qatoriga 9 iyun kuni Musa Daradagi harbiylashtirilgan postga qilingan hujum, 2 iyun kuni Shimoliy Vaziristondagi xudkushlik hujumi va 9 may kuni Bannu shahridagi politsiya mahkamasida sodir etilgan xudkushlik portlashi kiradi.

Tolibon bolalar o‘ldirilganini bildirdi

Biroq, Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining bosh matbuot kotibi Zabihulla Mujohid qurbonlar orasida tinch aholi vakillari borligini qayd etdi. Xususan, Mujohidga ko‘ra, Kunar, Xost va Paktika provinsiyalariga Pokiston uyushtirgan hujumlari oqibatida 11 bola, bir ayol va bir keksa kishi halok bo‘lgan. Yana 14 nafar ayol va bolalar jarohatlangani aytilmoqda.

«Biz ushbu humanitar jinoyat va tajovuzkorlik harakatini keskin qoralaymiz», dedi Tolibon rasmiysi.

Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi nisbatan xotirjam davrdan keyin yuz bergan ushbu hujumlar so‘nggi haftalardagi eng ko‘p qurbon keltirgan holat bo‘ldi.

Xost provinsiyasi rasmiysining AFPga aytishicha, Spera tumanidagi uyga zarba berilgani oqibatda to‘qqiz kishi halok bo‘lgani va 10 kishi jarohatlangan.

Qo‘shni Paktika provinsiyasida esa hujum oqibatida uch nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Mahalliy aholi vakiliga ko‘ra, havo hujumi turar joy binosiga tekkan va halok bo‘lganlarning barchasi bolalar bo‘lgan.