O‘zbekiston | 12:18 / 01.06.2020
77746
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi mojaro oqibatida 25 kishi jarohat olgan

Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida chegarada yuz bergan voqea natijasida 25 kishi jarohat olgan, ular Aydarken shahridagi Umumiy amaliyot markaziga yotqizildi. Bu haqda Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: ua.kg

«Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida yuz bergan hodisa natijasida jabrlanganlar to‘g‘risida shuni ma'lum qiladiki, Aydarken shahridagi Umumiy tibbiy amaliyot markaziga jami 25 nafar kishi yotqizildi. Hozirda turli xil tan jarohatlari olgan to‘rt nafar fuqaro shifoxonada qolmoqda», - deyiladi xabarda.

Ikki kishi reanimatsiyada, ular operatsiyadan keyingi ahvoli shifokorlar tomonidan og‘ir deb baholanmoqda. Ikki kishi jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan, ahvoli o‘rtacha og‘irlikda.

Qolgan 21 kishi birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng qoniqarli holatda ambulator davolashga yuborildi.

31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida joylashgan Chashma bulog‘i oldida ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi.

Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘ida suv uchun katta janjal ro‘y bergan. Ikki qishloq aholisi buloq o‘ziga tegishli ekanini da'vo qila boshlagan.

Internetda tarqalgan videolarda tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgani, chegara simto‘siqlarini ko‘chirib olishga uringanini ko‘rish mumkin.

DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati ushbu hodisa bo‘yicha munosabat bildirdi.

Qirg‘iziston bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov 1 iyun kuni Botken viloyatiga tashrif buyurdi. U O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuv o‘tkazadi va u bilan ikki mamlakatning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida ro‘y bergan mojaroni muhokama qiladi.

Mavzuga oid