Jamiyat | 18:43 / 05.06.2020
7752
2 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘on tumanida temir-beton tayanchlar ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi

Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy tarmoqlar moddiy-texnik bazasini mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali mustahkamlash, korxonalar negizida qurilish ashyolari, kerakli asbob-uskunalar va jihozlar, istiqbolli mahsulotlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan sexlar faoliyatini tashkil etish ishlariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning hududlardagi korxonalari tomonidan ham bu boradagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi "2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangi qurilish dasturi to‘g‘risida"gi PQ-2661 sonli qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan «Toshkent HETK» AJ tomonidan Oqqo‘rg‘on tumani «Zarafshon» MFY hududida SV-110-3,5 va SV-9,5-2,0 rusumli temir-beton tayanchlarni ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.

Ta'kidlash joizki, bu yerda sifatli va arzon mahalliy xomashyolardan foydalanib, kuniga 25-30 dona temir-beton tayanchi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, o‘z navbatida, viloyatda mavjud qurilish tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish imkoniyatlarini yaratish barobarida, jamiyatning moliyaviy ahvolini yaxshilash, xodimlarga munosib haq to‘lash, qolaversa ish sifatini oshirish orqali mahalliy aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlashga xizmat qiladi.

«Toshkent HETK» AJ matbuot xizmati

Mavzuga oid