«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi
Bugun O‘zbekiston hududiga Kavkazdan salqin va nam havo oqimlari kirishni boshladi.
Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysida ob-havo beqaror bo‘lishi kutilmoqda, ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, deb xabar qilmoqda «O‘zgidromet».
O‘zbekistonning qolgan hududida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 28-33 atrofida bo‘ladi, bu me'yoriy ko‘rsatkichlardan 2-3 darajaga pastdir. Respublika bo‘yicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 18-23 metrgacha kuchayishi mumkin.
9-10 iyun kuni mamlakat hududining katta qismida ob-havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ayrim joylarga yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat fonining qulay bo‘lishi kutilmoqda, kechasi 15-20 daraja, kunduzi 30-35 daraja issiq atrofida bo‘ladi.
9 iyunda shamolli ob-havo saqlanib turadi, ayrim joylarda shamolning shiddati sekundiga 18-20 metrgacha yetishi mumkin.
Keyinchalik haftaning oxirigacha ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, faqat tog‘li hududlarda ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat yana asta-sekin ko‘tarila boshlaydi va haftaning oxiriga kelib kunduzi 34-37 darajagacha yetadi.