Jamiyat | 21:13 / 09.06.2020
12122
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonlik va xorazmlik yoshlar muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 9 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalari tomonidan 500 nafarga yaqin yoshlar muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan reysga qo‘yilgan maxsus poyezdlarda jo‘nab ketdi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Harbiy xizmatga ketishdan bir necha kun oldin chaqiriluvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalarida tashkil etilgan Harbiy-tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tishdi. Unda asosiy talab har bir chaqiriluvchi COVID-19 yuqumli kasalligiga tibbiy test sinovlarini topshirib, natijalar manfiy bo‘lganligi tasdiqlanganidan keyingina Qurolli Kuchlar saflarini to‘ldirish uchun ruxsat berilishi belgilandi. 

Amal qilib turgan karantin va ijtimoiy masofalanish qoidalarini buzmaslik maqsadida mazkur tadbirlar qisqartirilgan tartibda, chaqiriluvchilarning ota-onalari va yaqinlarining ishtirokisiz o‘tkazildi.

Marosimlarda ishtirok etgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi vatan himoyasiga shaylangan yigitlarning xizmatlarida omad va zafarlar yor bo‘lishini tilashdi. 

Muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan yigitlarni manzillarga kuzatish maqsadida reysga qo‘yilgan maxsus poyezdlarda Sanitar-epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan dezinfeksiyalash ishlari olib borilgan. Yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan har bir vagonga harbiy-tibbiy mutaxassislar biriktirilib, ular chaqiriluvchilarning ijtimoiy masofalanish va shaxsiy gigiyena talablariga rioya qilishi ustidan nazorat olib boradi va zarur hollarda tez tibbiy yordam ko‘rsatadi. 

Bu yoshlar harbiy qismlarga yetib borganidan keyin 14 kunlik karantin nazoratida saqlanishi belgilangan. Ushbu muddat muvaffaqiyatli tugagach, karantin va shaxsiy gigiyena talablariga qat'iy amal qilingan holda muddatli harbiy xizmatchilar bilan o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi.

Mavzuga oid