Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hukumat dronlarga aloqador yangi qaror qabul qilishi kutilyapti
Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining “Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, Davergeodezkadastr qo‘mitasi huzuridagi “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasi bazasida uchuvchisiz uchish qurilmalarini yig‘ish bo‘yicha texnologik liniya shakllantirilgan.
Davergeodezkadastr qo‘mitasi bir oy muddatda “Geoinnovatsiya markazi” DUK tajriba uchastkasida mavjud uchuvchisiz uchish qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatishni, joriy yil sentyabrgacha ularni yig‘ishni va 2020-2022 yillar mobaynida bosqichma-bosqich mahalliylashtirish choralarini amalga oshiradi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalarini 2020-2022 yillar mobaynida bosqichma-bosqich mahalliylashtirish va ulardan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha maqsadli mo‘ljallar tasdiqlanadi.
Davergeodezkadastr qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddat ichida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish, ularni saqlash va transportirovka qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.
Hududlarda uchuvchisiz uchish qurilmalarini o‘rnatilgan tartibda saqlash va transportirovka qilish, uchish amaliyotiga buyurtmalarni qabul qilish hamda “Geoinnovatsiya markazi” DUKning markazlashgan dispetcherlik xizmati monitoringi ostida uchish amaliyotini bajarish uchun “O‘zdaverloyiha” DILIning hududiy filiallari mas'ul etib belgilanadi.
Belgilanishicha, Maqsadli mo‘ljallar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta'minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 232-sonli qarorining 4-bandiga muvofiq Davergeodezkadastr qo‘mitasining tijorat banklaridagi depozit hisob raqamidan respublika budjetiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lari hamda Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davergeodezkadastr qo‘mitasi hududiy tuzilmalar uchun yetkazib beriladigan uchuvchisiz uchish qurilmalarini tashishga mo‘ljallangan transport vositalari hamda Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 31 avgustdagi 287-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaro va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari asosida zarur texnik vositalar, maxsus kiyim-bosh va anjomlar bilan ta'minlaydi.
Belgilanishicha, uchish amaliyoti va ishlab chiqarish talablaridan kelib chiqib fuqarolik aviatsiyasining uchuvchisiz uchish qurilmalariga belgilangan maksimal uchish vazni qishloq xo‘jaligi sohasida, shu jumladan qishloq xo‘jalik ekinlarini kimyoviy moddalar bilan qayta ishlash (sepish)ga mo‘ljallangan uchuvchisiz uchish qurilmalari uchun tatbiq etilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek vazirlik hamda idoralar bir oy muddatda o‘z faoliyatlarida uchuvchisiz uchish qurilmalarini foydalanilish maqsadlari va ularning soni to‘g‘risidagi buyurtmalarni shakllantirib, Davergeodezkadastr qo‘mitasiga kiritilishini ta'minlaydi.
“Geoinnovatsiya markazi” DUK “O‘zeltexsanoat” va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik kompaniyalari bilan hamkorlikda:
2020-2021 yillarda shakllantirilgan buyurtmalar asosida uchuvchisiz uchish qurilmalarini bosqichma-bosqich ishlab chiqarish;
2022 yilda uchuvchisiz uchish qurilmalarining tarkibiy qismlarini (elektron, navigatsion va optik qurilmalaridan tashqari) to‘liq mahalliylashtirish choralarini ko‘radi.
“Geoinnovatsiya markazi” DUK tomonidan uchuvchisiz uchish qurilmalarini ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan (davlat bojlaridan tashqari) ozod etiladi.
“Geoinnovatsiya markazi” DUK ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarining butlovchi va ehtiyot qismlarini, shuningdek xomashyo hamda materiallarni istisno tariqasida, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan tender (tanlov) savdolarini o‘tkazmasdan tuziladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga muvofiq bevosita, ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan xarid qilish hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni buyurtmalar asosida vakolatli davlat organlariga, shu jumladan eksport qilish orqali sotish huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Direksiyasi va (yoki) uning rezidentlari bilan hamkorlikda uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqarish bo‘yicha dasturiy ta'minotlarni yaratish;
uchuvchisiz uchish qurilmalarning uchish amaliyotini bajarish uchun jahon standartlaridan kelib chiqib tegishli radioto‘lqinlar chastotalarini ajratilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligi va “O‘zaeronavigatsiya” markazi davlat unitar korxonasi Davergeodezkadastr qo‘mitasi va uning tuzilmasiga kiritilgan tashkilotlarga ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish qurilmalarini o‘rnatilgan tartibda muvofiqlik sertifikatlari hamda ular tomonidan qishloq xo‘jaligi ekin yerlarining monitoringi va xatlovida qo‘llanadigan, shu jumladan klasterlar buyurtmalari bo‘yicha 150 metrgacha bo‘lgan balandlikdagi uchish amaliyoti uchun (iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida uchuvchisiz uchish qurilmalarni qo‘llash bundan mustasno) to‘lovsiz asosda ruxsat berilishini ta'minlaydi.