Pensiya jamg‘armasi: deyarli 9 mln kishi norasmiy mehnat qilmoqda
Pensiya jamg‘armasi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, respublikaning 34 million aholisidan 15 millioni iqtisodiy faol insonlar hisoblanadi. Bugungi kunda iqtisodiy faol aholining qariyb 5,8 million nafari mehnat shartnomalari asosida, 400 mingdan ziyodi yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yuritib, Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lab kelmoqda.
Bu raqamlardan bilish mumkinki, O‘zbekistonda deyarli 9 million kishi rasmiylashtirmagan holda faoliyat yuritmoqda.
Bular kimlar?
Ushbu toifaga xorijiy davlatlarda ishlayotgan 2,5 millionga yaqin migrantlar, dehqon xo‘jaliklarida va tomorqa yerida band bo‘lgan 1,5 milliondan ortiq kishi, qurilish sohasida, bozorlar, maishiy xizmat ko‘rsatish va mavsumiy ishlarda band bo‘lgan 4 milliondan ortiq kishini kiritish mumkin.
Ushbu fuqarolar o‘z faoliyatlarini rasmiylashtirmagani hamda Pensiya jamg‘armasiga to‘lovlar amalga oshirmagani uchun kelgusida ijtimoiy himoyadan, jumladan pensiya ta'minotidan mahrum bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Faoliyatni rasmiylashtirish yanada osonlashdi
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar o‘z faoliyatlarini rasmiylashtirishlarini soddalashtirish, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oilaviy korxonalarga qulaylik yaratish maqsadida, prezident tomonidan joriy yilning 8 iyun kuni PQ-4742-son qaror imzolandi.
Qarorda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga joriy yilning iyul oyidan boshlab ko‘plab imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, bunday shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirilib, 67taga yetkazildi (avvalgi tartib bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ruxsat etilgan faoliyat turlari soni 24tani tashkil etgan).
1 iyuldan boshlab:
- vaqtinchalik mehnat guvohnomalari bekor qilinib, o‘zini o‘zi band qilganlarga maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi (ro‘yxatga olish dalili matritsali shtrix kod - QR-kod bilan tasdiqlanadi);
- o‘zini o‘zi band qilganlar ijtimoiy soliqni 2020 yil uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi, ya'ni 111 500 so‘m miqdorida mablag‘ to‘lash evaziga yil davomida rasmiy ravishda faoliyat yuritishlari mumkin.
Eng asosiysi, ushbu talablarni bajargan taqdirda fuqarolar kelgusida pensiya yoshiga yetganlarida pensiya ta'minotini olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Bu qanday amalga oshiriladi?
Iyul oyidan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni masofadan ro‘yxatga olish mo‘ljallangan mobil ilova joriy qilinadi.
Bu mobil ilova orqali fuqarolar nafaqat faoliyatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari, balki buyurtmalarni qabul qilish va to‘lovlarni amalga oshirish, elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish, daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mavzuga oid
20:30 / 11.08.2023
Pensiya jamg‘armasi xalqaro tashkilotga a’zo bo‘ldi
19:43 / 28.03.2022
Rossiya MDH yagona pensiya makoni kelishuvidan chiqmoqda. Bu nimani anglatadi?
12:26 / 27.10.2021
Eng yuqori pensiya qaysi hududda beriladi?
17:05 / 31.07.2021