O‘zbekiston | 13:03 / 13.06.2020
2371
3 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining 10.06.2020 yildagi 367-son qarori bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Prezidentning 18.02.2020 yildagi «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5938-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda «Mahalla ziyosi» o‘quv-uslubiy markazi negizida «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkaziladi.
 
Norma’ning xabar berishicha, institutning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

jamiyatda «obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan tizimni to‘laqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish;

fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;

mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;

mahallalar va oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta'minlash, umuminsoniy va milliy, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;

mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;

mahalla va oilalarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, shuningdek ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;

institut faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish.
 
Hujjat bilan «Mahalla va oila» instituti tuzilmasi va uning ustavi tasdiqlandi.
 
Davlat budjeti mablag‘lari, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari  va boshqalar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
 
Hujjat 11.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid