Sport | 15:42 / 13.06.2020
10908
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» OChL o‘yinlarini qachon davom ettirishi ma'lum bo‘ldi

Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqalari qachon davom ettirilishi aniq bo‘ldi. Avvalroq o‘yinlar sentabr oyida davom ettirilishi aytilgandi. Tribuna.uz manbasining aniqlik kiritishicha, OChL bahslari 14 sentyabrdan tiklanadi.

Foto: Tribuna.uz

OFK 14-27 sentabr kunlar oralig‘ida OChLning qolgan 4ta tur o‘yinlarini va bitta o‘yindan iborat nimchorak final bahslarini o‘tkazishni reja qilgan. Musobaqaning chorak final bahslari ham bitta o‘yindan iborat bo‘ladi va o‘yin kimning stadionida o‘tishini qur'a hal qiladi. Chorak final uchrashuvlarini o‘tkazish 2-3 noyabr kunlariga belgilangan.

OChLning yarim finallari ham bitta o‘yindan iborat bo‘lib mezbon qur'a orqali aniqlanadi. Yarim final o‘yinlari 24 noyabr kuni o‘tkaziladi. OChLning qolgan o‘yinlari juda tig‘iz grafikda o‘tishi inobatga olingan holda qolgan o‘yinlar bitta shaharda o‘tishi ham mumkin.

OChLda katta to‘xtalish yuzaga kelgani sabab OFK o‘yinlar boshlangach, klublarga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beradi. Ya'ni, klublar mavsum avvalida taqdim etgan qaydnomaga xohlaganicha o‘zgarish qilishi mumkin.

Ma'lumot uchun, o‘zbek klublari orasida faqat «Paxtakor» Chempionlar Ligasi bahslarida qatnashmoqda. Shota Arveladze jamoasi «V» guruhida «Al Hilol», «Shabab Al Ahli» va «Shahri Hudro‘» jamoalari bilan birga joylashgan. «Paxtakor» ortda qolgan 2-turdan keyin 6 ochko bilan guruhda yetakchilik qilmoqda.

Mavzuga oid