O‘zbekiston | 16:10 / 14.06.2020
19883
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning ayrim hududlari o‘rtasida poyezd qatnoviga ruxsat berildi

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonning ayrim hududlari o‘rtasida poyezdlar qatnovi qayta tiklanadi, Toshkentdan Samarqandga «Afrosiyob» poyezdi qatnay boshlaydi.

O‘zbekistonda fuqarolarga qulayliklar yaratib berish maqsadida Respublikada epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilgan hududlar o‘rtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etgan holda quyidagi poyezdlar tiklanishiga ruxsat berildi:

  • Toshkent - Buxoro - Toshkent;
  • Toshkent - Termiz - Toshkent;
  • Toshkent - Xiva - Toshkent;
  • Toshkent - Nukus - Toshkent;
  • Andijon - Xiva - Andijon;
  • Andijon - Buxoro - Andijon;
  • Andijon - Termiz - Andijon.

Bunda, Transport vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib poyezdlar qatnov rejasini belgilab boradi.

Shuningdek, Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha sanitariya-epidemiologik talablarga qat'iy rioya etgan holda «Afrosiyob» poyezdlarining qatnovlari yo‘lga qo‘yilishiga ruxsat berildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda avtotransport vositalarida yolg‘iz harakatlanayotgan haydovchiga tibbiy niqobdan foydalanmaslikka ruxsat berildi.

  • Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston temir yo‘llari» 23 mart kuni respublika bo‘ylab yo‘lovchi tashish faoliyatini to‘xtatgandi.
  • 18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yilgandi.

Mavzuga oid