Jamiyat | 08:52 / 15.06.2020
7654
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxs ozodlikdan mahrum etildi

Unga nisbatan sud tomonidan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Surxondaryoda bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2019 yilning 22 dekabr kuni taxminan soat 23:30larda 23 yoshli T.R. yuziga tibbiyot niqobi va qo‘llariga qo‘lqop taqib, pichoq bilan qurollangan holda Sherobod tumani Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi xususiy korxona hududiga temir panjaradan oshib tushish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

U korxona qorovuliga pichoq bilan hujum qilib, tan jarohat yetkazish bilan qo‘rqitib, elektr kabelni kesib olib, shu kabel yordamida qorovulning qo‘l va oyoqlarini, so‘ng o‘zini karavotga bog‘lab, 1-do‘konning kuzatuv kamerasiga shikast yetkazib, g‘ayriqonuniy ravishda do‘konga kirib, temir seyfni ochib, 7.000.000 so‘m pullar va Samsung galaxy J3 rusumli uyali aloqa vositasini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, T.R. 11-do‘kon oynasini sindirib, shkafdagi 8.500.000 so‘m pullarni qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Dastlabki tergov jarayonida T.R.dan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan Samsung galaxy J3 telefon apparati va 9.284.000 so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. 

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (uy-joyga yoki boshqa binoga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda sodir etilgan bosqinchilik) bilan ayblov e'lon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborilgan.

2020 yilning 14 may kundagi jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tumani sudining hukmiga ko‘ra T.R. yuqoridagi jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid