O‘zbekiston | 23:46 / 21.06.2020
112632
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun 6 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlandi

21 iyun kuni O‘zbekistonda 162ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 6315 holat) va 87 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4377 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 1919 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 8 hududda - Toshkent shahri, Namangan, Andijon, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 162 holatdan 127tasi karantin muassasalarida, 22tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 13 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+22)
Buxoro viloyatida bemorlar soni 13taga o‘sdi, shundan 11 holat aholi orasida qayd etilgan. So‘nggi kunlarda Shofirkon tumani hududida aholi orasida yangi holatlar aniqlanayotgandi.

Toshkent shahrida aholi orasida 7ta holat qayd etilgan. Poytaxtda deyarli barcha tumanlarda har kuni aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda. So‘nggi kunlarda uy bekalarida, taksi haydovchilarida, sotuvchilarda, ishchilarda va ularning oila a'zolarida virus chiqmoqda.

Shuningdek, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlaridan aholi orasida bittadan holat aniqlandi.

Karantin (+127)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 70 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 23 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 8 holat qayd etildi.

Samarqandda va Qashqadaryoda karantindagilar orasida 9 nafardan koronavirus bemori aniqlangan.

Shuningdek, Namangan (4), Buxoro (2) va Andijonda (2) karantindagilar orasida yangi holatlar chiqqan.

Haydovchilar (+13)
Toshkent viloyatida 12, Sirdaryo viloyatida 1 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari virus yuqtirgani ma'lum bo‘lgan.

Tuzalganlar (+87)
Bugun Toshkent shahri (66), Navoiy (9), Xorazm (7) hamda Samarqand viloyatlaridagi (5) tibbiyot muassasalarida jami 87 bemor tuzalib chiqdi va shu vaqtgacha kasallikdan sog‘ayganlar soni 4377 nafarga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1919 nafar bemordan 11 nafari og‘ir, 3 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 37 314 nafar, statsionar karantinda esa 22 812 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 

Mavzuga oid