Jahon | 11:05 / 24.06.2020
41569
10 daqiqa o‘qiladi

Jon Boltonning Donald Tramp bo‘yicha eng katta o‘n da'vosi

Allaqachon Donald Trampning prezidentligiga oid adabiyotlarning uzun ro‘yxati tuzilgan, ammo uning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning kitobi muallifning yuqori darajadagi maqomi va da'volarining mohiyati nuqtayi nazaridan ko‘pchilikning e'tiborini tortdi.

AFP

Jon Boltonning «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» (The Room Where It Happened: A White House Memoir) asarida Tramp asosiy geosiyosiy faktlardan bexabar va ko‘plab qarorlari o‘zining qayta saylanish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan prezident sifatida tasvirlangan.

Trampning tanqidchilari Boltonning impichment tinglovlari paytida nima uchun gapirmaganini so‘radi, prezidentning o‘zi esa xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisini «qobiliyatsiz» va «zerikarli eski ahmoq» deb atadi.

Oq uy mazkur kitobning chiqarilishini to‘xtatishga harakat qildi, biroq sud bu talabni 20 iyun kuni – kitob sotuvga chiqishidan uch kun oldin rad etdi. AQSh ommaviy axborot vositalari bir amallab oldindan kitob nusxalarni olishgan va undagi tafsilotlarni nashr etishni boshlashgan. Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu kitobda ilgari surilgan asosiy da'volar esa quyida keltiriladi

1. Tramp saylovda qayta g‘alaba qozonish uchun Xitoydan yordam so‘ragan...

Bolton kitobda Prezident Tramp va uning xitoylik hamkasbi Si Tszinpin o‘rtasida o‘tgan yili Yaponiyada bo‘lib o‘tgan G20 uchrashuvini tasvirlagan.

«AQSh prezidenti «ajoyib tarzda suhbatni yaqinlashib kelayotgan 2020 yilgi prezident sayloviga burdi va Xitoyning iqtisodiy imkoniyatlarini e'tirof etib, Sidan o‘zining g‘alaba qozonishini ta'minlashni iltimos qildi.

U saylov natijalarida fermerlarning ahamiyatini ta'kidladi va Xitoydan soya va bug‘doy iste'molini ko‘paytirishni so‘radi», deb yozadi Bolton.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish lozim, qishloq xo‘jaligi Amerikaning markaziy va g‘arbiy shtatlaridagi muhim tarmoqlardan biri bo‘lib, Trampning 2016 yilgi saylovda g‘olib bo‘lishiga yordam bergan.

2. «...internat-lagerlarini qurish – bu «to‘g‘ri ish»

Xitoyning uyg‘urlarga va boshqa etnik ozchiliklarga qilgan munosabati xalqaro tanqidga sabab bo‘ldi, Shinjon mintaqasidagi lagerlarda millionga yaqin odam hibsga olingani taxmin qilinadi.

Chorshanba kuni prezident Tramp ommaviy qamoqqa olish bilan shug‘ullangan xitoylik amaldorlarga qarshi sanksiyalarni imzolagani uchun Xitoyning g‘azabkor reaksiyasiga sabab bo‘ldi.

Ammo Boltonning kitobida keltirilishicha, Si lagerlarni qurish fikrini aytganida AQSh prezidenti Xitoyning harakatlarini ma'qullagandi.

«Tarjimonimizning so‘zlariga ko‘ra, – deb yozadi Bolton, – Tramp Siga lagerlar qurishni davom ettirish kerakligini va buni to‘g‘ri deb hisoblashini aytgan».

3. Tramp «diktatorlarga shaxsiy imtiyozlarni» taklif qildi

Xitoy rahbari yagona avtoritar emas. Bolton prezidentni shafqatsizlikda ayblamoqda.

Tramp jinoiy tergov ishlariga «aslida, o‘zi yoqtirgan diktatorlarga shaxsiy imtiyozlar berish uchun» aralashishga tayyor edi, deb yozadi Bolton.

Kitobda keltirilishicha, Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga 2018 yilda AQShning turk kompaniyasiga Eron sanksiyalarini buzilishi bo‘yicha tergovda yordam taklif qilgan. AQSh prezidenti «masala bilan shug‘ullanish»ga rozi bo‘lganini va ishga aloqador prokurorlar «Obamaning odamlari» ekanini aytgan.

4. Demokratlar impichment masalasida yanada ko‘proq harakat qilishlari kerak edi

Bolton o‘z kitobida demokratlarning Tramp o‘z raqibi Jo Baydenni tergov qilishda Ukrainaga bosim o‘tkazgani va Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘ymoqchi bo‘lgani haqidagi da'volarini qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur da'vo Trampga qarshi impichment harakatlariga sabab bo‘lgandi.

Ammo Bolton o‘z kitobida demokratlarni tanqid qilar ekan, ular «impichment qonunbuzarlik»ni faqat Ukrainaga e'tibor qaratish orqali amalga oshirmoqchi bo‘lishganini aytadi. Uning ta'kidlashicha, agar ular tergovni kengaytirganlarida edi, amerikaliklarning yanada ko‘prog‘ini prezident Trampnining lavozimidan chetlatilishi zarur bo‘lgan «yuqori jinoyatlar va qonunbuzarliklar» sodir etganiga ishontirgan bo‘lar edilar.

Bolton o‘tgan yil oxirida Vakillar palatasida guvohlik berishdan bosh tortgandi, keyinroq esa Senatda paydo bo‘lishiga respublikachilar to‘sqinlik qilgandi.

5. Tramp ikki muddatdan ko‘proq saylanishni xohlashini aytdi

Boltonning aytishicha, Tramp Xitoy rahbariga amerikaliklar unga ikki muddatdan ko‘proq saylanishi uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy o‘zgartirishlarni kiritishga intilishini aytdi.

«Si Tramp bilan yana olti yil birga ishlashni xohlayotganini aytganda bunga javoban Tramp odamlar prezidentning ikki muddatli konstitutsiyaviy cheklovini bekor qilishi kerakligini aytayotganini bildirgan», deb yoziladi Wall Street Journal tomonidan chop etilgan parchada.

«Si AQShda ko‘plab saylovlar bo‘lib o‘tganini, Trampdan uzoqlashishni istamasligini aytdi va ma'qullab bosh irg‘adi».

6. Tramp Buyuk Britaniyaning yadroviy kuch ekanligini bilmas edi ...

Buyuk Britaniya 1952 yilda AQSh va sovet ittifoqidan keyin atom qurilmasini sinovdan o‘tkazgan uchinchi mamlakat bo‘lgan. Ammo Buyuk Britaniya yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlar kichik klubining bir qismi ekanligi Tramp uchun yangilik bo‘lgan ko‘rinadi.

Parchada 2018 yilda Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Tereza Mey bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv to‘g‘risida so‘z boradi, unda rasmiy vakil Britaniyani yadroviy kuch, deb atagan. Tramp esa shunday deydi: «Siz yadroviy kuchmisiz?»

Boltonning ta'kidlashicha, bu gap «hazil sifatida aytilmagan».

7. ... Finlyandiya Rossiya tarkibiga kirganmi?

Boltonning aytishicha, prezident Trampning bilimlarida boshqa bo‘shliqlar ham bo‘lgan.

Finlyandiya poytaxti Helsinkida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvdan oldin u Finlyandiya «Rossiyaning qandaydir sun'iy yo‘ldoshi» bo‘lganmi, deb so‘ragan.

Boltonning so‘zlariga ko‘ra, razvedka brifinglari «unchalik foydali bo‘lmagan», chunki ularning aksariyatida Tramp «suhbat mavzulariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan mavzularda suhbatdoshlaridan ko‘ra ko‘proq gapir»gan.

8. U NATOni tark etishga juda yaqin edi

Prezident Tramp NATO harbiy blokining doimiy tanqidchisi bo‘lib, boshqa a'zolarni xarajatlarni ko‘paytirishga chaqirdi.

Shunga qaramay, AQSh a'zo bo‘lib qolmoqda, ammo Boltonning aytishicha, 2018 yilgi sammitda Tramp NATOni tark etishga qaror qilgan.

Boltonning yozishicha, prezident «Biz chiqamiz va pul to‘lamaganlarni himoya qilmaymiz», degan.

9. «Venesuelaga bostirib kirish «ajoyib ish» bo‘lar edi»

Tramp ma'muriyatining asosiy tashqi siyosiy muammolaridan biri Venesuela bo‘lib, AQSh prezidenti Nikolas Maduroga raqib ko‘zi bilan qaraydi.

Ushbu masala bo‘yicha muhokamalarda Tramp Venesuelaga bostirib kirish «salqin» bo‘lishini va Janubiy Amerika millati «haqiqatan ham AQShning bir qismi» ekanligini aytdi.

Boltonning yozishicha, 2019 yil may oyidagi telefon suhbatida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Venesueladagi muxolifat yetakchisi Xuan Guaidoni 2016 yilgi Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodi Hillari Klintonga o‘xshatgan va «Sovet uslubidagi targ‘ibotning yorqin namoyishini» o‘tkazgan».

Putinning maqsadi ittifoqdosh prezident Maduroni himoya qilish edi, deb yozadi Bolton. 2018 yilda Tramp so‘l qanot Maduroni diktator deb atadi va sanksiyalar kiritdi, ammo u hokimiyatga yopishib oldi.

Bolton ABC News telekanaliga bergan va yakshanba kuni to‘liq namoyish etiladigan intervyusida Tramp haqida: «Menimcha, Putin uni skripka kabi o‘ynay olaman, deb o‘ylaydi», degan.

10. Hatto ittifoqchilari ham uni masxara qilishdi

Boltonning kitobida Oq uy amaldorlarining prezident Trampni masxara qilganlari haqida bir nechta misollar mavjud.

U funksiyasini bajara olmay qolgan Oq uyni tasvirlar ekan, undagi uchrashuvlar siyosatni ishlab chiqishdan ko‘ra ko‘proq «oziq-ovqat janglari»ga o‘xshashini aytadi.

U Oq uyga kelganida, o‘sha paytdagi shtab boshlig‘i Jon Kelli uni «Bu yer ishlash uchun yaxshi joy emas», deb ogohlantirgan.

Hatto sadoqatli deb hisoblangan davlat kotibi Mayk Pompeo ham prezident haqida «to‘la-to‘kis» deb atalgan nota yozgani aytiladi.

Mavzuga oid