O‘zbekiston | 19:51 / 26.06.2020
39802
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident tashrif buyurgan bog‘ egasi: «3 oydayoq hosilning nishonasini oldik»

Qamchiq dovonidan tushganda yo‘l uchga bo‘linadi: chapga Namangan, to‘g‘riga Qo‘qonga ketiladi. «Sadoqat» deya ataladigan ana shu chorrahada o‘ngga ham yo‘l bor va bu yo‘lni ko‘pchilikni Tojikiston chegarasi deb biladi, aytarli hech kim u yo‘lga yurmaydi. Prezident tashrifidan so‘ng bir guruh jurnalistlar Pop tumaniga qarashli shu hududga bordik.

Yaydoq dasht va toshloqlardan iborat hudud o‘rtasidagi yo‘l bo‘ylab 6-7 km yursangiz, chindan ham Tojikiston va O‘zbekiston chegarasiga borib qolinadi.

«Nuran uz» MChJ tomonidan Pop tumanidagi adirliklardan iborat ana shu hududdan 1 885 gektar o‘zlashtirilmagan yerda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etilgan.

«Nuran uz» MChJ ta'sischilaridan biri Nurali Abdullayev bizga hamrohlik qildi va meva-sabzavotchilik sohasiga ixtisoslashgan klaster faoliyati bilan tanishtirdi.

Nega aynan shu joy tanlangan?

– Agrobiznes sohasida ham tadbirkorlar ko‘paymoqda, deyarli ikki ming gektar bo‘lgan yaxlit joy topish qiyin bo‘lib qoldi. Endi bundan buyon yer tanqislashaveradi, ishlaydiganlar saralanavayeradi.

Keyin biz beshta joyning tuprog‘idan namuna olib, Fransiyada tekshirtirganmiz va biz yetishtirmoqchi bo‘lgan mahsulotlarga aynan shu joy mos kelgan.

Tashkilotimiz olgan bu yer hududi oxirgi marta 1983 yilda ishlov berilgan, keyinchalik qarovsiz qolib, hech narsa ekilmagan edi. Bizga bu hududdan 1 885 gektar yer berildi, hozirga qadar uning 400 gektardan ortig‘ini o‘zlashtirib, mevali daraxtlar, ular ostiga tarvuz-qovun ekdik.

Yerni haydash ham oson bo‘lmadi, 90 tonnali buldozerlar bilangina yuza qismini yumshata oldik, deyarli 40 yil davomida tarashaday qotib ketgan ekan.

Qolgan qismlarda ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda: poliz mahsulotlari ekdik, tokzorlar tashkillashtirish rejalashtiryapmiz. Ayni paytda yetishtirayotgan tarvuzlarimizni Rossiya davlatiga eksport qilmoqdamiz, mahalliy bozorni ham ta'minlayapmiz.

Joriy yil yetishtirilgan tarvuzlarimizni 98 ming AQSh dollari miqdorida eksportga yo‘naltirdik. Keyingi yillarda o‘rik, tarvuz yoki boshqa mevalarimizni Rossiya, BAAga yo‘naltirish rejamizda bor. Hosildorlikka qarab, bu eksport nuqtalari kengayib boraveradi.

Ayni paytda o‘zimiz yetishtirayotgan mahsulotlarni bozordagi eng shirin mevalar qatorida, deb ayta olamiz. Sababi ularni o‘stirishda kimyoviy o‘g‘itlar ishlatilmaydi va tabiiy holda o‘stirishga harakat qilamiz.

Chiqindiga to‘lib ketgan tashlandiq bu hududlarda shu yilning 1 martidan boshlab ish boshladik. Hududni tozalab, 3 oy ichida hatto hosilimizning birinchi nishonasini ham ko‘rdik. Innovatsion usullardan foydalanish, ishchi kuchini to‘g‘ri yo‘naltirish – asosiy yo‘nalishlarimizdan biri.

Tadbirkorlik uchun yer tanlayotganimizda tanlashimiz mumkin bo‘lgan hududlar ko‘p edi. Biroq innovatsion usullar yordamida tuproqda mikroelementlar miqdorining mosligini tekshirdik va shu yerda ish boshladik. Aslida, hozir innovatsion usullarda mahsulot yetishtirish uchun tuproqning ahamiyat ham yo‘q. Muhimi, ishni to‘g‘ri tashkil etish bilan bog‘liq.

3 barobar tejamkorlik

– Bog‘dorchilik faoliyatimizda innovatsiya va ilm birlashtirilgan. Ya'ni bog‘imizda suv tejashga imkon beruvchi tomchilab sug‘orish tizimini ishlab chiqarishdan foydalanib kelyapmiz.

Tomchilab sug‘orish texnologiyasi yordamida har bir ko‘chatga, har bir daraxtga teng miqdorda namlik yuboriladi. Suv va ozuqaning bir xil taqsimlanishi natijasida bog‘da daraxt va ko‘chatlar standart tarzda o‘sadi.

Yerimizda innovatsion usullardan foydalanayotganimiz bugungi uchrashuvda davlat rahbari tomonidan ham ijobiy baholandi va bizga yangi imkoniyatlar berildi: davlat tomonidan 10ta artezian quduqlari qazib beriladigan, subsidiyalar ajratiladigan bo‘ldi.

Tomchilatib sug‘orishda bir gektar hududga o‘rtacha 20 kub suv sarflanadi. An'anaviy usulda sug‘orilganda 3 barobar ko‘p suv sarflagan bo‘lar edik. Bundan tashqari, tomchilab sug‘orish tizimi joriy etilgan 147 gektar yerni sug‘orish ishlari bilan faqat 2 nafar ishchi shug‘ullanadi. Agar an'anaviy tarzda sug‘orish ishlarini tashkil qilsak, ancha ko‘p odam bu ish bilan band bo‘lishi lozim. Butun sug‘orish tizimi avtomatlashtirilgan, men poytaxtdagi ofisimdan turib bu jarayonni boshqarishim mumkin.

Tomchilab sug‘orish tizimi ustida ham o‘zimiz ishlaganimiz uchun gektariga o‘rtacha 1800 dollardan tushdi, agar buyurtma qilsak kamida 3 ming dollarga borardi.

Nurali Abdullayevdan davlat rahbari faoliyatlarining aynan qaysi jihatlari bilan qiziqqani to‘g‘risida so‘radik:

– U kishi bilan suhbatlashganimda, xuddi o‘zimning hamkasbim bilan gaplashganday bo‘ldim, ya'ni agrosanoat sohasidan chindan ham ipidan ignasigacha tushunarkanlar. Dalaning ichida, tarvuz paykallari oralab bir soatdan ortiq yurdik. Eng mayda detallargacha – suv sarfi, o‘g‘it, tayyor mahsulotni sotish, kimlarni ishlatishgacha erinmay tushuntirishlar berdilar. O‘zi shundoq ham ancha imtiyozlarimiz bor edi, ularni kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdilar, shu joyning o‘zida qo‘shimcha nasoslarni qazib olishimiz uchun subsidiyalar ajratiladigan bo‘ldi.

Qolaversa, faoliyatimizdan ko‘ngillari to‘ldi shekilli, boshqa tumanlarda ham bo‘sh yerlarda bu tajribani qo‘llash, butun tumanlarni ma'lum ekin turlariga moslashtirish bo‘yicha ham rejalar tuzildi.

Umuman, bizning faoliyatimiz kimnidir qiziqtirsa, biz jon deb o‘rgatishga, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga tayyormiz. Chunki O‘zbekiston mahsulotlariga talab juda yuqori.

Mevali daraxtlar ostida taralgan tarvuz paykallarini biz ham kezdik. Tarvuzlarning quchoqqa sig‘maydiganlari ham bor. 10-15 kilolik tarvuzlar oddiy hol bo‘lsa, bu yilgi rekord hozircha 24 kilolik tarvuz ekan. Qovunning hidi esa har shabadada sezilib turadi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid