O‘zbekiston | 08:31 / 01.07.2020
5353
6 daqiqa o‘qiladi

BMTning O‘zbekiston fuqarolari shikoyatlari bo‘yicha qarorlari qanday ijro etilmoqda?

Prezidentning 22.06.2020 yildagi PF-6012-son Farmoni bilan BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
 
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari O‘zbekiston tomonidan tan olingan BMTning organlari uning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalaridir, deb yozadi Norma.
 
O‘zbekiston ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalar bilan kafolatlangan huquqning O‘zbekiston tomonidan buzilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma (shikoyat/ariza)ni yakka tartibda BMT organlariga taqdim etgan O‘zbekiston yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan shaxs yoki uning vakili arizachi hisoblanadi.
 
Nizom bilan xabarnomani ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat organlari va BMT organlarining o‘zaro hamkorligining quyidagi sxemasi belgilangan.
 
TIVga kelib tushgan xabarnoma 10 ish kuni ichida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz hamda Adliya vazirligiga yuboriladi.
 
Markaz xabarnomaning mazmunidan kelib chiqib, 5 ish kuni ichida tegishli davlat organlariga xabarnomani ko‘rib chiqish uchun ishchi guruhni shakllantirish maqsadida so‘rovnoma yuboradi. Davlat organlari Markaz bilan o‘zaro hamkorlikni ta'minlash uchun mas'ul shaxslarni belgilaydi va 3 ish kuni ichida ishchi guruhga kiritish uchun nomzodlarni taqdim etadi. Shundan keyin Markaz Adliya vazirligi bilan birgalikda 5 ish kuni ichida xabarnomaning maqbullik mezonlariga muvofiq kelishi bo‘yicha o‘rganish uchun ishchi guruhni shakllantiradi va O‘zbekistonning asoslangan javobini taqdim etish muddatini belgilaydi.
 
Tegishli davlat organlari Markaz tomonidan belgilangan muddatlarda (15 ish kunigacha) BMT organlarining tartib-taomillarida o‘rnatilgan mezonlarga ko‘ra tegishli xabarnomaning maqbul yoki maqbul emasligi bo‘yicha asoslangan javoblarini yuboradi.
 
Ishchi guruh davlat organlaridan kelib tushgan ma'lumotlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqadi va O‘zbekistonning asoslangan javobini tayyorlaydi. Xabarnomaning maqbulligi to‘g‘risidagi javob Markaz tomonidan, o‘z navbatida, BMT organlariga taqdim etilishi uchun TIVga yuboriladi.
 
Xabarnoma maqbul emasligi sababli rad etilgan taqdirda, uning asoslari tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda ko‘rsatiladi. Bunda  ishchi guruh faoliyati tugatiladi.
 
BMT organlaridan xabarnomalarning maqbulligi masalalari bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar va axborot taqdim qilish to‘g‘risida so‘rovnoma kelib tushgan taqdirda, ishchi guruh so‘rovnoma TIVga kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 oy ichida javob taqdim etadi.
 
Davlat axborotini taqdim etishning umumiy muddati 6 oydan oshmasligi kerak. Tegishli protsessual qonunchilik bilan boshqa muddatlar belgilangan holatlar bundan mustasno.
 
Markaz 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqish uchun maqbul deb topilgan xabarnomani tahlil qiladi va uning mazmunidan kelib chiqib, tegishli davlat organlari uchun savollarning asosiy ro‘yxatini belgilaydi va qo‘yilgan masalalar yuzasidan axborot taqdim qilish uchun so‘rovnomalar yuboradi. Davlat organlari 15 ish kuni ichida qo‘yilgan masalalar yuzasidan asoslangan dalillarni va tayyorlangan axborotni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga Markazga taqdim etadi.
 
Markaz Adliya vazirligi bilan birgalikda 1 oy ichida davlat organlaridan olingan axborotni umumlashtiradi, O‘zbekistonning javobi loyihasini tayyorlaydi. Javob, o‘z navbatida BMT organlariga taqdim etilishi uchun TIVga yuboriladi.
 
Markaz TIV orqali BMT organlari tomonidan tegishli xabarnoma yuzasidan qabul qilingan qarorning to‘liq matnini oladi va uni o‘z rasmiy veb-saytida joylashtiradi. Shuningdek, Markaz mazkur qarorlar hisobini reyestr shaklida yuritadi.
 
BMT organlari tomonidan tegishli xabarnoma yuzasidan qabul qilingan qaror kelib tushgan vaqtidan boshlab 10 kun ichida keyinchalik u sud tartibida ko‘rib chiqilishi uchun Oliy sudga qayta yuborilishi uchun TIV tomonidan Markazga yuboriladi.

Markaz tegishli davlat organlaridan BMT organlari qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni so‘rab olish huquqiga ega. Qabul qilingan axborot Markaz tomonidan, o‘z navbatida, BMT organlariga taqdim etilishi uchun TIVga yuboriladi. Qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida davlat axborotini taqdim etishning umumiy muddati BMT organlarining tegishli xabarnoma yuzasidan qarori TIVga kelib tushgan kundan boshlab 5 oyni tashkil etadi.
 
BMT organlari qarorida belgilangan zararni qoplash uchun to‘lov (kompensatsiya) miqdori sud tartibida belgilanadi.
 
Kelib tushgan xabarnomalar hamda BMT organlari qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
 
Hujjat 23.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid