Jahon | 22:47 / 04.07.2020
45539
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik virusolog koronavirusning tajovuzkorligi qachon pasayishini aytdi

Olimning aytishicha, virus odamdan odamga o‘tgani sari moslashib, o‘z tashuvchisini o‘ldirmaslikka o‘rganadi. 

Foto: Ilya Pitalev / RIA Novosti

Koronavirusning tajovuzkorligi kamida bir yildan keyin pasayadi, dedi virusolog, tibbiyot fanlari doktori Anatoliy Alshteyn «Komsomolskaya pravda» bilan suhbatda.

«Bir yildan uch yilgacha. Undan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin. SARS-CoV-2 ana shunday virus», — dedi u.

Olim virus odamdan odamga o‘tgani sari moslashib, o‘z tashuvchisini o‘ldirmaslikka o‘rganishini aytdi. Alshteynning aniqlik kiritishicha, koronavirusga og‘ir kasallik chaqirish foydali emas, chunki inson boshqalar bilan muloqot qilmay qo‘ysa, infeksiya boshqalarga o‘tolmay qoladi.

«Koronaviruslar organizmga nisbatan yengil munosabatda bo‘lishga moslashgan, ya'ni uning imkoniyatlaridan foydalanadi, ko‘payadi, kuchli zarar yetkazmasdan uning hisobiga yashaydi», — deb qo‘shib qo‘ydi olim.

U yangi virus ana shu yo‘ldan ketishiga umid qilarkan, SARS-CoV-2 boshqa koronaviruslardan yuqori darajadagi yuqumliligi bilan farq qilishini qayd etib o‘tdi.

Mavzuga oid