Jahon | 12:47 / 11.07.2020
13245
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbeda uch pog‘onali yo‘lning ikkinchisi foydalanishga topshirildi

10 iyul kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe meri Rustam Imomali bilan birga mamlakat poytaxtidagi uch qavatli yo‘lni ochib berdi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu uch qavatli yo‘l Dushanbe shahridagi Ismoil Somoniy va Abu Ali ibn Sino shohko‘chalari kesishgan chorrahada qurilgan. Inshoot Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki va Slovakiya hukumati tomonidan ajratilgan donorlik mablag‘lari hisobiga bunyod etilgan.

Ushbu uch qavatli yo‘l reja bo‘yicha bahorda ochilishi kerak edi. Ammo mamlakatda karantin cheklovlari joriy etilishi ishni ortga surgan.

Bu Tojikiston poytaxtida qurilgan ikkinchi uch qavatli yo‘l inshooti hisoblanadi. Murakkab turdagi bunday yo‘lning birinchisi Dushanbe shahrida, Nusratullo Maxsum va Bobojon G‘afurov ko‘chalari kesishgan chorrahada 2018 yil sentabr oyida ochilgan edi. O‘shanda ham uch qavatli yo‘lni Imomali Rahmon va o‘g‘li Rustam Imomali ochib berishgandi. Dushanbeda qurilgan uch qavatli yo‘lning birinchisiga ham Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘ ajratgandi.

Ma'lumot uchun, Toshkentda qurilgan va «O‘zbekiston 24» telekanalida «Markaziy Osiyoda yagona» deb ta'rif berilgan uch qavatli yo‘l 2020 yil 21 may kuni ochilgandi.

Bunday turdagi uch qavatli yo‘l Markaziy Osiyoning beshta respublikasidan to‘rttasida mavjud. Qozog‘istonning Olmaota shahrida birinchisi 2016 yilda foydalanishga topshirilgan, ikkinchisining qurilish ishlari davom etmoqda. Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bunday yo‘l 2017 yilda foydalanishga topshirilgan.

Mavzuga oid