Jahon | 09:59 / 19.01.2024
3303
3 daqiqa o‘qiladi

Bryussel Dushanbeni jurnalistlarga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirdi

Tojikistonda mustaqil jurnalistlar ta’qiblarga uchramoqda. Yevroparlament Tojikistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda va Yevropa komissiyasiga tojik ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini eslatdi.

Foto: DELFI / ANDRIUS UFARTAS

Yevroparlament rasmiy Dushanbe mustaqil matbuot, huquq faollari va hukumat tanqidchilariga nisbatan qo‘llayotgan harakatlarni keskin qoralaydi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqini bu davlat bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Tojikistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olishga chaqiradi. Bu haqda 18 yanvar, payshanba kuni Strasburgda qabul qilingan rezolyutsiyada aytiladi.

Jurnalistlar holati

Qarorda aytilishicha, bugun Tojikistonda ommaviy axborot vositalari mamlakat mustaqillikka erishgan 1991 yildan beri eng og‘ir ahvolda. Ayrim tojik jurnalistlari 7 yildan 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qaror muallifi bir qator jurnalistlar «ijtimoiy muammolar va inson huquqlari buzilishini yoritishdagi kasbiy faoliyati uchun» qamalganini va muhim mustaqil axborot vositalari ta’qiblarga duch kelishini bildirgan.

Hujjatda qayd etilishicha, rasmiy Dushanbe ayrim qonunlardan mustaqil tojik ommaviy axborot vositalari xodimlarini ta’qib qilish uchun asos sifatida foydalanadi. Bu, o‘z navbatida, «Rossiya tashviqoti va dezinformatsiyasiga, xususan, Ukrainaga qarshi urushni yoritishda yordam beradi».

YeI - Tojikiston hamkorligida OAV bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olish kerak

Yevroparlament Tojikiston hukumatini «hukumat tanqidchilarini himoya qilayotgan jurnalistlar va advokatlarni ta’qib etishni to‘xtatish»ga va asossiz hibsga olinganlarni darhol va so‘zsiz ozod qilishga, ularga qo‘yilgan barcha ayblovlarni olib tashlashga chaqirdi. Rezolyutsiyada rasmiy Dushanbega «OAV va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi har qanday demokratik jamiyat asosi ekani» eslatiladi.

Shu munosabat bilan deputatlar Yevropa Ittifoqi institutlarini Tojikiston bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar va Dushanbening 6 ming turdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi Umumiy imtiyozlar tizimiga (GSP+) qo‘shilish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishda bu mamlakatda «so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni ham e’tiborga olishga» chaqirdi. 

Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, o‘z navbatida, «Tojikistondagi fuqarolik jamiyati, huquq himoyachilari va mustaqil ommaviy axborot vositalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, himoyaga muhtojlar uchun mablag‘ va vizalar ajratishni kuchaytirishi kerak», deyiladi rezolyutsiyada.

Mavzuga oid