Jahon | 08:36 / 12.07.2020
26460
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Ukraina samolyoti halokatining yangi sababi ma'lum qilindi

Eron havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noto‘g‘ri sozlanganligi Tehron yaqinida Ukraina yo‘lovchi samolyotining urib tushirilishiga olib kelgan. Bu haqda Eron fuqarolik aviatsiyasi tashkilotida ma'lum qilindi.  

Foto: AFP

Tashkilot taqdim qilgan hisobotga ko‘ra, voqeadan sal avvalroq mudofaa tizimlaridan biri boshqa yerga ko‘chirilgan, bu esa uning geografik o‘rni va yo‘nalishining o‘zgarishiga olib kelgan. Tizim ko‘chirilgandan keyin inson omili sababli qayta sozlanmagan va bunday vaziyatlarda bajarilishi shart bo‘lgan harakatlar amalga oshirilmagan.   

Shu sababli, yo‘lovchi samolyoti Tehron tomon harakatlanayotgan obekt deb xato qabul qilingan va raketa bilan urib tushirilgan. Vaholanki, samolyot Tehrondan uchib ketayotgan bo‘lgan.

“Ukraina xalqaro avialiniyalari” kompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti 8 yanvar tongida Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilgach ko‘p o‘tmay urib tushirilgan edi. Fojia 176 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Qurbonlar orasida Eron, Ukraina, Kanada, Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘oniston fuqarolari hamda ekipajning 9 a'zosi bo‘lgan. Eron samolyot harbiylar buyrug‘i bilan emas, balki xatolik tufayli urib tushirilgani tan olgan. 

Mavzuga oid