Britaniya: Rossiya koronavirus vaksinasiga doir ma'lumotlarni o‘g‘irlashga uringan
Rossiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi xakerlar dunyo ilmiy va farmatsevtika tashkilotlarining koronavirus vaksinasi va uni davolashga doir tadqiqot ma'lumotlarini o‘g‘irlashga urinmoqda. Buyuk Britaniya kiberxavfsizlik Milliy markazi (NCSC) shu haqda bayonot bermoqda, deb xabar qilgan Reyter.
Britaniya, AQSh va Kanada mutasaddi idoralarining birgalikda bergan bayonotiga ko‘ra, kiberhujumlar ortida Cozy Bear nomi bilan ham mashhur APT29 guruhi turibdi. Ushbu mamlakatlar fikricha, mazkur guruh, Rossiya maxsus xizmatlarining bir bo‘limi sifatida faoliyat ko‘rsatishi ehtimol.
“Biz koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash yo‘lida muhim ish bilan shug‘ullanayotganlarga uyushtirilayotgan ushbu yaramas kiberhujumlarni qoralaymiz”, - degan NCSC amaliyotlar bo‘limi direktori Pol Chichester.
Markaz bayonotida aytilishicha, guruh hujumlari davom etmoqda. Xakerlar turli xil usullar va asboblardan foydalanmoqda, maqsadli fishing va zararli dasturlar shular jumlasidan.
Kreml ma'muriyati esa, RF Britaniyadagi farmatsevtika kompaniyalariga qilingan xakerlik hujumlariga aloqador emasligini aytmoqda.
Kreml Londonning Rossiyaga nisbatan bildirgan saylovlarga aralashishga urinish hamda xakerlik hujumlari ortida turgani xususidagi bayonotlarini asossiz deb hisoblaydi. Bu haqda TASS agentligi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga asoslangan holda xabar qilgan.
“Biz Buyuk Britaniyadagi farmkompaniyalar va tadqiqot markazlarini kim buza olganiga doir axborotga ega emasmiz. Bir narsani ayta olamiz: Rossiyaning bunday urinishlarga hech qanday aloqasi yo‘q, - degan Peskov. – Biz bunday ayblovlarni, xuddi 2019 yilgi saylovlarga aralashish xususidagi navbatdagi asossiz ayblovlar singari qabul qilmaymiz”.
Ayni chog‘da Yaponiya hukumati ushbu xabar yuzasidan o‘z munosabatini bildirishga ulgurdi. Mamlakat hukumati kiberhujumlardan himoya qiluvchi barqaror tizimlarni rivojlantirishda davom etadi, deb bayonot berdi Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Suga.
“Men xorijdan Yaponiya idoralari va muassasalariga qanday kiberhujumlar qilinishiga doir savolga javob bera olmayman. Ammo, biz kiberhujumlardan himoyalovchi barqaror tizimlarni rivojlantirish hamda ulardan ko‘riladigan ehtimoliy zararlarni kamaytirish strategiyasini amalga oshirish muhim deb hisoblaymiz”, - degan Yosixide Suga.
Mavzuga oid
21:54 / 26.11.2024
Amazonʼning Yaponiyadagi shtab-kvartirasida tintuv o‘tkazildi
20:19 / 26.11.2024
Britaniyada dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
17:39 / 26.11.2024