Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada yo‘lovchi avtobusi garovga olindi. Asosiy ma'lumotlar
Ukrainaning Lutsk shahrida garovga olingan avtobus yo‘lovchilari ozod etildi. Yo‘lovchilarni garovga olgan shaxs qo‘lga olindi, Ukraina xavfsizlik xizmatining ma'lum qilishicha, garovdagilarning hech biriga shikast yetmagan.
Garovdagilar ozod etilgani haqida Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov tvitterdagi sahifasi orqali ma'lum qildi. Maxsus amaliyotdan keyingi matbuot anjumanida u jinoyatchi muzokaralardan keyin avtobusdan chiqqani haqida ma'lum qilgan.
Erkak «BTR» tanki yordamida amalga oshirilgan shturmda qo‘lga olingan. Garovga olinganlar avtobusni tark etishga ulgurgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati ham yo‘lovchilarni garovga olgan shaxs o‘zi taslim bo‘lganini tasdiqlagan.
Brifingda Arsen Avakov jinoyatchining sheriklari ham bo‘lgani, ulardan biri Xarkovda qo‘lga olinganini ma'lum qilgan. Qo‘lga olish chog‘ida bu shaxsning yonidan o‘qotar qurol va portlaovchi moddalar musodara qilingan.
«Nima ham derdik, bu uzoq yil qamoqda o‘tirgan kriminal olam vakili. Ularning o‘zicha da'volari bor, har xil gaplarni gapirishadi. Boshqa vaziyatda maxsus kuchlar yomonroq holatga tayyor bo‘lgan holda ishlagan bo‘lardi, shukrki hammasi yaxshi bo‘ldi. Uni uzoq yillik qamoq jazo kutmoqda», degan vazir.
Voqea qanday sodir bo‘ldi?
Seshanba tongida qurollangan shaxs Ukraina g‘arbidagi Lutsk shahrida Berestechko — Krasilovka yo‘nalishida harakatlangan avtobusni qo‘lga oldi. U yonida portlovchi moddalar va qurol borligini aytib, oldiga jurnalistlar kelishini talab qildi. Avtobusda 13 kishi bo‘lgan.
Bu Ukrainaning yangi tarixida ilk marta yolg‘iz jinoyatchi tinch aholi vakillarini ommaviy garovga olishi hodisasidir. Qolaversa, bu voqea nisbatan tinch bo‘lgan g‘arbiy hududda - Ukraina armiyasi Rossiya tomonidan qo‘llanishi aytiladigan ayirmachilar bilan urush olib borayotgan sharqiy frontdan 1000 km uzoqda sodir bo‘lmoqda.

Odamlarni garovga olgan shaxs muqaddam ikki bor sudlangani ma'lum. Politsiyaga o‘zini Maksim Ploxoy deb tanishtirgan. Keyinroq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenko avtobusni qo‘lga olgan shaxs Maksim Krivosh ekanini ma'lum qildi.
Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, bu shaxs biror aniq talab qo‘ymagan. U ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini anarxiyachi va tizimga qarshi kurashuvchi sifatida tanishtirgan.
Politsiyachilar Lutskdagi Teatr maydonini o‘rab olishgan, avtobus aynan shu hududda garovga olingan. Ular jinoyatchi bilan telefon orqali aloqa o‘rnatishgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) Lutsk shahri aholisiga uydan chiqmaslikni tavsiya qilgan. Atrofdagi uylar aholisi evakuatsiya qilingan. Hududda vaqti vaqti bilan o‘q ovozlari eshitilgan..
«Avtobusdan bir necha o‘q tovushi eshitildi, ikki oyna singan. Jabrlanuvchilar haqida ma'lumot kelib tushmagan», deyiladi Ukraina IIV xabarida.
Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, jinoyatchi avtobusga mina qo‘yilganini aytgan. Bundan tashqari, u yana bir portlovchi qurilmani shaharning boshqa nuqtasiga joylashtirgani haqida gapirgan.
U avtobusdan chekasini ochmasdan granata uloqtirgan. Politsiyachilar granatani zararsizlantirgan. «Granata portlamadi, chunki chekasi sug‘urilmagandi. Biz o‘ylayapmizki, u bu orqali o‘zida jangovar qurollar borligi va xavfli ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi», degan Gerashchenko. Ko‘p o‘tmay Krivosh avtobusdan qandaydir portlovchi buyum uloqtirgan, katta ehtimol bilan u bu orqali avtobus atrofida uchib yurgan politsiya kvadrokopterini urib tushirmoqchi bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligi va Ukraina xavfsizlik xizmati rahbariyati vaziyat yaqin vaqtlar ichida hal qilinishiga umid bildirishgan. «Muzokaralar olib borilmoqda, bir-birimizni tushunyapmiz... barchasi yaxshi ketmoqda», degan Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari Ruslan Baranetskiy.
Muzokaralarga Krivoshning rafiqasi va tanishi ham jalb etilgan. «Uning rafiqasini topdik va u bilan bog‘landik, uning yaxshi tanishi bilan ham. Ular uni qurolni topshirib taslim bo‘lishga chaqirishmoqda, ammo u hozircha bunga ko‘ngani yo‘q», degan Gerashchenko.
Volinsk oblasti politsiyasi matbuot kotibi Olga Buzulukning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi ukrainalik jurnalistlar yoki davlat rahbariyati vakillaridan biri bilan gaplashtirishni talab qilmoqda.
«Konkurent» agentligi xabariga ko‘ra, u bugun tongda tvitterdagi sahifasi orqali barchani «Tizimga qarshi kun» bilan tabriklagan va «Davlat birinchi raqamli terrorchi» ekanini aytgan.
Krivosh davlat amaldorlari, deputatlar, sudlar, vazirliklar, prokuratura va cherkovlar vakillari, shuningdek, Ukraina oligarxlari YouTube’ga o‘zlarining «qonundagi terrorchilar» ekanligi haqida roliklar joylashini talab qilgan. Shuningdek, u mazkur talabni murojaat ko‘rinishida YouTube’ga joylashtirgan. Keyinroq Twitter va YouTube Krivoshning akkauntlarini o‘chirgan.
Jinoyatchi yo‘lovchilarning telefonlarini olib qo‘ygan va ularning qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, imkon qadar ko‘proq jurnalistlar bilan bog‘lanishni va uning talablarini yetkazishni talab qilgan.
Bundan tashqari, u ukrainalik jurnalist, mamlakatdagi yirik internet nashrlardan biri «Tsenzor-net» bosh muharriri Yuriy Butusovga qo‘ng‘iroq qilib, uning oldiga imkon qadar ko‘p jurnalistlar kelishini istashini aytgan. Butusov «agar avtobusdagi ayollar va bolalarni qo‘yib yuborsa, o‘zi borishi»ni aytgan.
Zelenskiyning murojaati
Ukraina prezidenti mahalliy vaqt bilan soat 9:00 atrofida feysbukdagi sahifasida videomurojaat qilib, ushbu postga izoh sifatida avtobusni qo‘lga olgan shaxsning talablari aks etgan skrinshotni joylashtirdi. Bu talablar orasida u «2005 yilgi «Yerliklar» filmini hamma ko‘rsin» degan bayonotni joylashtirishi kerakligi haqidagi talab ham bor. Ushbu hujjatli film jonivorlarning insonlar tomonidan ekspluatatsiya qilinishi to‘g‘risida.
Postning o‘zi esa Vladimir Zelenskiy videomurojaati bo‘lib, u shunday dedi: «2005 yilgi «Yerliklar» filmini hamma ko‘rsin».
Bu vaqtda Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov garovdagilarning uch nafari ozod etilganini xabar qildi. «Koval uch kishini olib chiqdi», deya yozgan u. Politsiya rahbarining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Koval bungacha garovdagilarga suv eltib bergandi.
Ijtimoiy tarmoqda uch kishining ozod etilishi tasvirlari tarqaldi.

Ukraina prezidenti matbuot kotibi Yuliya Mendelning ma'lum qilishicha, Zelenskiy Maksim Krivosh bilan shaxsan gaplashgan.
«Prezident Vladimir Zelenskiy ushbu shaxs bilan telefon orqali gaplashgani evaziga dastlab uch kishi avtobusdan qo‘yib yuborildi», dedi u.
Bir soat o‘tib Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov garovdagilarning barchasi ozod qilingani haqida xabar qildi. Zelenskiyning posti esa o‘chirib yuborildi, u tvitterdagi sahifasida tabrik tviti yozdi.
Jinoyatchi haqida nimalar ma'lum?
Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenkoning ma'lum qilishicha, Maksim Krivosh Ukraina fuqarosi, 1975 yilda Rossiyaning Orenburg oblastida tug‘ilgan.
Ikki marta firibgarlik, tamagirlik, jinoiy guruh tuzganlik hamda noqonuniy qurol olib yurish uchun sudlangan, 10 yilga yaqin vaqtni qamoqda o‘tkazgan.
U 2014 yilda 400 nusxada «Jinoyatchi falsafasi» nomli kitob chiqargan. Kitobda Maksim Krivosh o‘z tarjimai holidan ba'zi ma'lumotlarni oshkor qilgan, xususan , u ziyolilar oilasida o‘sganini, biroq bolaligida jangari filmlarni ko‘p ko‘rgani va «katta odam bo‘lishga qaror qilganini» ma'lum qilgan.
Ukrainaning Rovno shahridan bo‘lgan jonivorlar huquqlari himoyachisi faolining so‘zlariga ko‘ra, Krivosh so‘nggi besh yil davomida volontyorlik bilan shug‘ullangan va jonivorlarni himoya qilgan.
«U Dubnoda jonivorlarni himoya qilar, davolardi, bu yerda uni hamma taniydi, hokimiyatdagilar ham, faxriylar ham. Hamma bu xabardan shokda. U hech qachon agressivlik qilmagan, tarbiyali odam edi», - degan jonivorlar himoyachisi Alla Losik.
Mavzuga oid
10:00
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
20:04 / 08.06.2026