Jamiyat | 16:39 / 27.07.2020
2858
2 daqiqa o‘qiladi

Respublikaning mobil aloqa bilan qamrovi 97 foizga yetkazildi - vazirlik

«Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisining 2020 yil iyun oyi bo‘yicha Speedtest Global Index reytingida O‘zbekistonda internet tezligi bo‘yicha o‘sish qayd etilgani kuzatilgan. Mazkur reytingda O‘zbekiston bir yil ichida 36 pog‘onaga ko‘tarilgan. 2019 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sgan.

Bugun, 27 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmat rahbari Sherzod Ahmatov internet tezligini yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, 2020 yilning birinchi yarmida mobil aloqa operatorlari tomonidan respublika bo‘yicha 1375ta mobil aloqa tayanch stansiyasi o‘rnatilib, aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va keng polosali mobil internet tarmog‘iga ulanish qamrovi darajasi 78 foizga yetkazilgan.

«Xususan, Qashqadaryoda 138ta, Samarqandda 157ta, Namanganda 128ta, Toshkent viloyatida 134ta, Farg‘onada 171ta, Toshkent shahrida 164ta, Xorazmda 64ta, Sirdaryoda 31ta, Surxondaryoda 76ta, Navoiyda va Qoraqalpog‘istonda 34tadan, Jizzaxda 70ta, Buxoroda 61ta, Andijonda 117ta mobil aloqa stansiyalari o‘rnatilgan.

Shu kungacha, asosan, telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Shu yilning o‘zida ham 2200ta 3G/4G baza stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan», dedi Sherzod Ahmatov.

Shuningdek, «Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisining 2020 yil iyun oyi bo‘yicha Speedtest Global Index reytingida O‘zbekistonda internet tezligi bo‘yicha o‘sish qayd etilgani kuzatilgan.

Mazkur reytingda O‘zbekiston bir yil ichida 36 pog‘onaga ko‘tarilgan. Va oxirgi yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sgan.

Mavzuga oid