Sog‘lom hayot | 16:49 / 25.09.2025
2257
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy internetda salbiy kayfiyat uyg‘otuvchi kontentlarga qarshi kurash boshladi

Bu orqali mamlakat rahbariyati yoshlarda tobora kuchayib borayotgan umidsizlik va pessimistik qarashlarning keng tarqalishini to‘xtatmoqchi. Shu sabab “mehnatning foydasi yo‘q” yoki “o‘qish keraksiz” kabi qarashlar aks etgan, zo‘ravonlikka undovchi materiallar, fitna nazariyalari, yolg‘on xabarlar hamda sun’iy intellekt orqali yaratilgan tajovuzkorona tasvirlar ma’lum muddatga taqiqlanmoqda.

Foto: AP

Xitoy hukumati ijtimoiy platformalarda “salbiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan” kontentlarga qarshi ikki oylik maxsus kampaniya boshladi. Bu haqda mamlakat Kiberkosmos masalalari boshqarmasi bayonotida ma’lum qilindi.

Kampaniya doirasida hukumat ijtimoiy tarmoqlar, qisqa video platformalari va onlayn-do‘konlar reklama uchun foydalanadigan striming xizmatlarini kuzatadi. Shuningdek, foydalanuvchilar qoldirgan izohlar ham alohida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Rasmiylarga ko‘ra, internet makoni faqatgina axborot oqimi emas, odamlarning kayfiyatini shakllantiruvchi asosiy maydon sifatida nazorat qilinadi. Xitoy hukumati nazarida bu jarayon ijtimoiy barqarorlik uchun muhim hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakat rahbariyatini eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalardan biri – yoshlar orasida keng tarqalgan “Sang madaniyati”. Bu atama o‘ziga xos passivlik, kelajakdan umid uzish va “hayotning ma’nosi yo‘q” degan qarashlarni ifodalaydi. Uning yuzaga kelishiga turli sabablar bor: yashash xarajatlari yuqoriligi, ish topishdagi qiyinchiliklar, iqtisodiy muammolar.

Hozirda Xitoyda ko‘plab oliy ma’lumotli yoshlar o‘z kasbiga mos, qoniqarli darajadagi maoshli ish topishda qiynalmoqda. Oqibatda “o‘qish foydasiz”, “mehnat qilishning ma’nosi yo‘q” kabi qarashlar tobora ko‘payyapti. Hukumat ana shunday pessimist kayfiyatdagi qarashlarning internet orqali keng tarqalishini to‘xtatishga bel bog‘lagan.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq algoritmlari foydalanuvchiga o‘zini qiziqtirgan mavzularni ko‘proq taklif qiladi. Bu esa odamlarning tor doiradagi fikr va kayfiyatlar ichida qolib ketishiga sabab bo‘ladi. Masalan, bir kishi salbiy qarashdagi kontentni ko‘rsa, unga shunga o‘xshash videolar va maqolalar taqdim etiladi. Natijada inson “salbiylik girdobi”ga tushib qolishi mumkin. Hukumat buni ijtimoiy xavf sifatida ko‘rib, jarayonni to‘xtatishga urinmoqda.

Xabarga ko‘ra, zo‘ravonlikka undovchi materiallar, “mehnatning foydasi yo‘q” yoki “o‘qish befoyda” kabi pessimist fikrlar, fitna nazariyalari va yolg‘on xabarlar, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan zo‘ravonlik tasvirlarini ishlab chiqish va ulashish taqiqlanadi. Bunday kontentni tarqatgan platforma yoki shaxslar jazoga tortiladi va ulardan majburiy tarzda kontentni o‘chirish yoki tahrirlash talab etiladi.

Bu qaror bir tomondan, hukumatning yoshlar ruhiy tushkunlikka tushishining oldini olishga urinishi kabi ko‘rinsa-da, boshqa tomondan, mazkur chora kengroq ma’noda fikr erkinligini cheklash sifatida ham baholanmoqda. G‘arb ekspertlari fikricha, salbiy kayfiyatlarni to‘liq bartaraf etishning iloji yo‘q, chunki ular jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning aksi sanaladi. Biroq Pekin nazarida internetdagi kayfiyatni boshqarish orqali jamiyat barqarorligini saqlab qolish mumkin.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid