Jahon | 23:41 / 29.07.2020
8275
7 daqiqa o‘qiladi

Heshtegdan ijtimoiy harakatgacha: «Black Lives Matter» qanday ommalashdi?

Adolat, ta'lim, tibbiyot va boshqa xizmatlar insonning teri rangiga qarab taqsimlanmaydi. Ranglari sabab paydo bo‘lgan to‘siqlarga qarshi kurashchilar «Qora taqdirlar ahamiyatga ega (Black Lives Matter)» nidosi atrofida birlashdi. Boshida oddiy heshteg bo‘lgan bu ibora harakatga, so‘ngra global tashkilotga aylanib ketdi. U hozirda minglab qora tanlilar huquqlarini himoya qiladi.

Foto: Getty Images

Black Lives Matter qanday paydo bo‘lgan?

Tashkilot asoschisi Alisa Gazra 2013 yilning iyulida sudning Georgiya Zimermanga nisbatan adolatsiz hukmidan ta'sirlanadi. Shu sabab feycbukda «Qora tanlilar, men sizlarni yaxshi ko‘raman, bizning hayotimiz ahamiyatga ega» so‘zlarini yozib qoldiradi. Garzaning do‘sti Patrissa Kallor bu so‘zlarni «Black Lives Matter» heshtegi bilan internet sahifalariga joylaydi. Heshteg juda tez ommalashib ketadi.

«O‘tgan yetti yil davomida biz ko‘proq infratuzilmalarni rivojlantirdik. Amerikaning turli shtatlari va dunyoning boshqa yerlarida harakatning ko‘ngillilari bilan bo‘linmalarimizni ochdik. Tarafdorlarimiz Ahmad Arberi, Breonna Teylor va Jorj Floydning o‘limi uchun javob talab qilishmoqda», deydi Kallor CNNga bergan intervyusida.

«Black Lives Matter» endi shunchaki heshteg emas, balki insonlarni qo‘llab-quvvatlovchi g‘oyaga aylandi. Ko‘pchilik bu harakatni yirik miqyosda qabul qilinishiga ishongan bo‘lsa, boshqalar uning muvaffaqiyatiga shubha qilgandi. Kuzatuvlardan ko‘rinadiki, qora tanlilarni himoyalovchi jamiyatlar bo‘lishiga qaramasdan, irqiy ayirmachilik Amerikada hamon davom etmoqda. Ushbu tashkilotning maqsadi qora tanlilarga nisbatan munosabatni butunlay o‘zgartirish va qora tanlilar qadrlanadigan jamiyatlarni yaratish.

«Biz yashaydigan mamlakatda bizni muhtoj bo‘lgan narsalarimizdan uzoq tutishadi, deydi tashkilotning internet sayti boshqaruvchi direktori Vessi Keyli. – Qora tanlilarga nisbatan politsiya tazyiqi, qamoq hukmi ko‘proq. Ammo sifatli ta'lim va tibbiy xizmatga kelganda qora tanlilarni unutishadi».

Tashkilot birinchi marta 2013 yilda Los-Anjyelesda mahalliy tarmoqlarni rivojlantirish uchun o‘z saytini ishga tushirdi. 2014 yilda Missuri, Fergyuson shatatlarida politsiya qo‘polligiga qarshi noroziliklar o‘tkazdi. 2017 yilda tashkilot korporatsiyaga aylandi. Hozirda u Amerikada 13ta rasmiy va Kanadada 3ta yarim mustaqil bo‘limga ega. Ular tarafdorlarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Har bir guruhning bir-biridan farq qiluvchi yo‘nalishi bor. Ular jamiyat nimaga ehtiyoj sezsa, shuni bartaraf etishga ixtisoslashgan.

Tashkilotning Los-Anjyelesdagi yetakchisi Melina Abdulloh so‘zlariga ko‘ra, guruh oxirgi 5 yilda iqtisodiy o‘sishni boshladi. Jorj Floydning o‘limidan keyin mahalliy siyosatchilar ham tashkilotga pul o‘tkazishdi. 2020 yilning iyunida tashkilot bosimi sabab Los-Anjyeles konsulligi politsiya zo‘ravonligini yo‘q qilib, jamoatchilik asosidagi javobgarlikni joriy qilishni qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Getty Images

«Qilinadigan ishlar hali ko‘p, deydi Abdulloh. – Albatta, konsullikning bu qadami bizni ruhlantirdi. Ammo bu ham hali yetarli degani emas. Biz shtatlar bo‘ylab tarqalib, tarafdorlarimizni yig‘ib, o‘z tamoyillarimizni ishlab chiqamiz. Aytish kerakki, «Black Lives Matter» bo‘limlarining hammasi ham ishonchli emas. Ularning ba'zilari harakat nomidan foydalanadigan odamlar bo‘lishi ham mumkin».

Bo‘limlar markazlashmagan bo‘lib, ular hudud holatidan kelib chiqib ishlaydi. Mahalliy bo‘limlar uchun mablag‘ zarur. Bannerlar tayyorlash, xona ijaraga olish, politsiyadan zarar ko‘rgan oilalarga yordam berish, ba'zan dafn marosimlari uchun 20 ming dollargacha xarajat qilinadi. Floydning vafotidan so‘ng tashkilotning hisobida ko‘p pul yig‘ildi. Oxirgi 7 yil ichida bunday holat birinchi marta sodir bo‘lyapti.

Politsiyaning qora tanlilarga munosabatini tartibga solish harakatning yillar davomidagi asosiy istagidir. Ammo bunday xohishlar ortgani sari politsiya birlashmalari ham o‘zlarini himoyalashga o‘tishdi.

Qora tanlilarga hukumatning munosabati

Arizona qonun chiqaruvchi organining qora tanli a'zosi Uolt Blekmen harakatni «terrorchilik tashkiloti» deb atagandi. Ba'zi tanqidchlar «Ko‘k taqdirlar ham ahamiyatga ega» shiori ostida politsiyachilar ham irqchilarga qarshi chiqishga haqqi bor, deb hisoblaydi.

Foto: Reuters

Jorjtaun universitetida ijtimoiy harakatlarni o‘rganuvchi Maykl Kazinning so‘zlariga ko‘ra, tarixda birinchi marta irqiy tenglikka qaratilgan harakat oq tanlilar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Kichkina shaharlarda va hattoki qora tanlilar bo‘lmagan joyda ham katta olomonni ko‘rish mumkinligi katta yangilik.

Nima uchun «Black Lives Matter» tashkiloti ortida yig‘ilishmoqda?

Oq tanlilar insonni rangiga qarab ajratishga qarshi chiqishmoqda. Ilgari jim turgan yirik brend va korporatsiyalar ham qora tanlilar uchun bosh ko‘tarayotgani ajablanarli. Peloton, Disney, Facebook va boshqa yirik kompaniyalar irqiy adolatsizlikka qarshi gapirishmoqda. Netflix bosh direktori esa qora tanlilar tarixiy kolleji va universitetlariga 120 million dollar xayriya qildi.

Ilgari munozarali narsalardan uzoqroq bo‘lgan Teylor Svift harakatni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va hatto Tennessidagi konfederativ yodgorliklarini olib tashlashga chaqirdi. Set Rojyen, Stiv Karrell va boshqalar namoyishchilarni qamoqdan olib chiqish uchun garov puli berishdi.

«Minneapolis» hamjamiyati tashkilotchisi Shenene Gerbert «Yoshlar jarohatni boshdan o‘tkazishdi. Ular oilasi, do‘stlari va o‘zlarini politsiya tahqirlayotganini ko‘rishdi. Bu o‘nglab bo‘lmaydigan holat», deydi CNNga bergan intervyusida.

Harakat ortga chekinmasligining uch sababi

Oq tanli Vestbruk ismli shaxs namoyishchilar orasida bo‘lgan. Shunda unga politsiyachilar tomonidan ko‘zdan yosh oqizadigan gaz purkalgan. U ushbu holatdagi suratini ijtimoy tarmoqlarga qo‘ydi va «Endi qora tanlilar uchun faqat qora tanlilar kurashmaydi», deb yozdi.

Ikkinchi sababni Jorjtaun universitetining amerikalik tadqiqotchi professori Marsiya Shatelain aniq tushuntirib berdi: «Jamoatchilik qora tanlilar g‘oyalarini qabul qilishga tayyor».

Uchinchidan, odamlar politsiya va qamoqxonalardan voz kechish nimani anglatishini o‘ylash uchun vaqt ajrata olishdi.

Kelajakda nima kutmoqda?

Harakat asoschilaridan biri g‘alaba qilishga ishonch borligini bildirdi:

«Bizning harakatimizga insoniylik, muhabbat, qadr-qimmat aralashgan. Biz jonimiz evaziga bo‘lsa ham qora tanlilar uchun farovon hayot qurishni istaymiz. Sifatli ta'lim va tibbiyot, politsiya tahqirlashini yo‘qotish oson bo‘lmaydi. Biz hokimiyat va katta siyosiy kuchlarning yordamiga muhtojmiz. Biroq biz to‘xtamaymiz. Bu vaziyatda dam olishga haqqimiz yo‘q», deb so‘zlarini yakunlaydi u.

Mavzuga oid