Jahon | 20:18 / 12.08.2020
9180
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston 7 ta davlat bilan muntazam reyslarni qayta yo‘lga qo‘yadi

Foto: ortcom.kz

Qozog‘iston hukumati 17 avgustdan 7 ta davlat bilan koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtatilgan aviaaloqani bosqichma-bosqich qayta yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda respublikaning sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish vazirligi ma'lum qildi.  

Qozog‘iston BAA, Belarus, Germaniya, Niderlandiya, Misr, Rossiya va Ukraina bilan muntazam parvozlarni tiklaydi.

Qozog‘iston tomoni ushbu davlatlarning aviatsiya sohasidagi mutasaddi idoralari bilan sanitar-epidemiologik talablarga rioya qilingan holda muntazam reyslarni tiklash masalasini o‘rganib chiqqan. 

Xabarda ta'kidlanishicha, reyslar soni havo aloqasi haqidagi hukumatlararo kelishuvlar asosida va samolyotlarning har bir yo‘nalishdagi yuklanishiga bog‘liq holda belgilanadi. Reyslar va ularga chiptalar sotilishi aviakompaniyalar saytlarida e'lon qilingan jadvallarga ko‘ra amalga oshiriladi.

Qozog‘istonda pandemiya boshlanishi bilan xalqaro va ichki yo‘nalishlar bo‘yicha deyarli barcha yo‘lovchi reyslari to‘xtatilgan edi. 1 maydan respublikada ichki aviareyslar tiklangan.

Keyinroq Qozog‘iston 20 iyundan bir qator davlatlarga reyslarni tiklashga qaror qilgan. Biroq murakkab epidemiologik vaziyat sababli faqat Janubiy Koreya va Turkiyaga aviareyslarga ruxsat berilgan. 5 avgust kuni Turkiya pandemiya sababli Qozog‘iston bilan parvozlarni to‘xtatishga qaror qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid