Migrantlar farzandlarining 33 foizi o‘zini baxsiz his qilishi ma'lum qilindi
Mehnat migratsiyasi bolalarning hissiy holatiga salbiy ta'sir qiladi. Ota-onasi ishlash uchun xorijga ketgan bolalarning 33 foizi o‘zini baxsiz his qiladi, 21 foizi doimiy xavotirda yashaydi.
YUNISEFning O‘zbekistonda migratsiyaning bolalarga ta'sirini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari ma'lum qilindi.
Tadqiqot davomida ota-onasi (yoki ulardan biri) ishlash uchun xorijga ketgan bolalarning hissiy holati, o‘z vasiylari bilan munosabatlari o‘rganilgan.
«Tadqiqotda qatnashgan bolalarning yarmi ota-onalari ketgandan so‘ng darhol kayfiyatlari yomonlashgani haqida xabar berishgan. So‘rovda qatnashgan bolalarning 33 nafari oilaviy fermada ishlash, ukalariga g‘amxo‘rlik qilish va ota-onalari zimmasida bo‘lgan boshqa uy yumushlarini bajarish kabi majburiyatlar ko‘lami kengaygani to‘g‘risida aytishdi. Oilada o‘z zimmasiga tushgan javobgarlikning ortishi bolalarning kayfiyatiga salbiy ta'sir qiladi.
Tadqiqotda ishtirok etgan vasiylarning aytishicha, yosh bolalar ko‘pincha o‘jar, quloqsiz va tajovuzkor bo‘lib qolishadi, bu ayniqsa ular ota-onalarini sog‘inishganda yaqqol seziladi. Bunday holatda bolalarning 37 foizga yaqini o‘z g‘azablarini aka-uka va opa-singillariga yo‘naltirishsa, 18 foizi kattalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishadi.
Bolalarning 7 foizga yaqini ota-onasi safarga ketgach, vasiylar tomonidan qo‘llanadigan jismoniy jazolar kayfiyatining yanada tushishiga sabab bo‘lishini ta'kidlagan. Kuzatuvlarga ko‘ra, zo‘ravonlik bolalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, bilim olish qobiliyatini pasaytiradi, darslarga qatnovini kamaytiradi, o‘z-o‘zini hurmat qilish darajasini tushirib yuboradi, hissiy stress va tushkunlikni keltirib chiqaradi, ba'zida qasddan o‘z-o‘ziga zarar yetkazishga undaydi.
Aytilishicha, vasiylar tomonidan jazo choralari sifatida bolalarning 12 foizi imtiyozlardan mahrum qilingan, 3 foizi «telba», «dangasa» va shu kabi so‘zlar bilan kamsitilgan, 8 foiziga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingan», deyiladi hujjatda.
Mavzuga oid
14:33 / 07.11.2024
YUNISEF: G‘azoda ikki kun ichida 50 dan ortiq bola halok bo‘ldi
22:44 / 03.08.2024
Bangladeshdagi namoyishlar oqibatida o‘nlab bolalar halok bo‘ldi - YuNISEF
18:36 / 08.06.2024
O‘zbekiston bolalar to‘yib ovqatlanmaydigan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi
09:41 / 16.05.2024