O‘zbekiston | 16:12 / 17.08.2020
3089
4 daqiqa o‘qiladi

Birjada bir haftada qancha shakar va benzin sotilgani ma'lum bo‘ldi

O‘tgan hafta davomida, ya'ni 10 – 16 avgust kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi"ning barcha savdo platformalarida 1,1 trln so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 11,4 foizga ko‘pdir. 

Bunda sotuvlarning 88,5 foizi - birja savdolari, 2,9 foizi - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 7,8 foizi - elektron davlat xaridlari va 0,7 foizi - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 402,4 mlrd so‘mni tashkil qildi, bu esa avvalgi haftaga nisbatan 4,1 foizga ko‘pdir. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining 21,0 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 941 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Savdolar natijasida bitimlarning 3,4 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 15,4 foizi ikkinchi, 26,4 foizi uchinchi, 12,2 foizi to‘rtinchi, 16,0 foizi beshinchi va 26,5 foizi oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi, bu esa avvalgi haftaga nisbatan 12,7 foizga ko‘pdir. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 2 174,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 1 825,0 tonnasi, ya'ni 83,9 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 96 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 13,6 mln so‘mdan 12,6 mln so‘mgacha, ya'ni 7,3 foizga kamaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi 4,3 foizga o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 10,9 mln so‘mni tashkil etdi.

Hafta davomida birja savdolariga 2 624,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 890,0 tonnasi, ya'ni 33,9 foizi sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5,85 mln so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va mahsulotni bir tonnasi uchun 5,84 mln so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 60 332,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 15 567,8 tonnasi, ya'ni 25,8 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 41 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4,9 mln so‘mdan 4,8 mln so‘mgacha, ya'ni 3,2 foizga pasaydi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 4,9 mln so‘mni, AI-91 benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 5,6 mln so‘mni tashkil etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid