Jahon | 22:34 / 17.08.2020
9446
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya shtabi Belarusda hokimiyat transferi bo‘yicha Koordinatsiya kengashini tuzdi

Prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkova Belarusda hokimiyatni tinch  yo‘l bilan almashtirish bo‘yicha Koordinatsiya kengashi tuzilganini e'lon qildi.

Foto: AFP

30 nafar a'zodan iborat kengash tarkibida Tixanovskayaning ishonchli vakillari – Kovalkovaning o‘zi va Nikolay Kozlov, Viktor Babariko shtabi koordinatori Mariya Kolesnikova, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Svetlana Aleksiyevich, «Vesna» huquqni himoya qilish markazi raisi, huquqshunos Ales Belyatskiy, xalqaro mediator Liliya Vlasova, erkinlik uchun harakat rahbari va siyosatchi Yuriy Gubarevich, «Velikiy Kamen» parki ma'muriyati raisi Ales Duko, huquqshunos Maksim Znak, kinossenariyachi Andrey Kureychik, pedagog Yevgeniy Livyant, «A-100» kompaniyalari guruhi raisi Aleksandr Tsenter, rassom Vladimir Tsesler, BELBIZ kompaniyasi asoschisi Tatyana Marinich, iqtisodchi Sergey Chaliy va boshqalar bor.

Kovalkova so‘zlariga ko‘ra, kengashga kirish uchun unga «yuzlab ajoyib insonlar, professionallar, haqiqiy belaruslar» murojaat qilishgan. 

«Bu boshqa arizalarning rad qilinganini anglatmaydi. Koordinatsiya kengashining asosiy tarkibini shakllantirish jarayoni ham ketyapti va kengaytirilgan tarkibning, ishchi va ekspert guruhlarining ishi uchun maydonlar yaratiladi», – deb yozdi u «Feysbuk» sahifasida.

Olga Kovalkova Koordinatsiya kengashining ilk yig‘ilishi yaqin kunlarda o‘tkazilishini aytdi.

Tixanovskaya 14 avgust kuni Belarusda hokimiyatni tinch yo‘l bilan almashtirish bo‘yicha Koordinatsiya kengashi tuzilishini e'lon qilgan edi.

«Biz ko‘pchilik ekanimizni ko‘rsatdik. Bu mamlakat bizga, Belarus xalqiga tegishli, bir odamga emas», – degan edi u.

Mavzuga oid