O‘zbekiston | 15:47 / 24.08.2020
6204
4 daqiqa o‘qiladi

Birjada sotilgan shakar, sement va benzin hajmi ochiqlandi

O‘tgan hafta davomida, ya'ni 17 – 23 avgust kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi"ning barcha savdo platformalarida 1 trln so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 6,0 foizga kamdir. 

Sotuvlarning 86,6 foizi - birja savdolari, 4,6 foizi - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 8,1 foizi - elektron davlat xaridlari va 0,6 foizi - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 352,8 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining 21,5 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 958 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 6,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Savdolar natijasida bitimlarning 4,0 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 14,9 foizi ikkinchi, 26,4 foizi uchinchi, 11,6 foizi to‘rtinchi, 17,9 foizi beshinchi va 25,2 foizi oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 924,3 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘ydi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 1 393,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 1 007,0 tonnasi, ya'ni 72,3 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 71 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 13,8 mln so‘mdan 11,4 mln so‘mgacha, ya'ni 17,0 foizga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi 1,7 foizga o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 11 mln so‘mni tashkil etdi.

Hafta davomida birja savdolariga 3 130,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 1 664,0 tonnasi, ya'ni 53,2 foizi sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5,85 mln so‘mdan 5,82 mln so‘mgacha, ya'ni 0,5 foizga pasaydi. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va mahsulotni bir tonnasi uchun 5,83 mln so‘mni tashkil etdi.

Hafta davomida birja savdolariga 215 025,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 210 751,0 tonnasi, ya'ni 98,0 foizi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 42,1 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 789,4 ming so‘mdan 736,6 ming so‘mgacha, ya'ni 6,7 foizga pasaydi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 63 680,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 16 669,1 tonnasi, ya'ni 26,2 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 37 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari sezilarsiz oshib, mahsulotning bir tonnasi uchun 5,03 mln so‘mdan 5,04 mln so‘mgacha ko‘tarildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 5,04 mln so‘mni, AI-91 benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 5,67 mln so‘mni tashkil etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid