O‘zbekiston | 11:30 / 25.08.2020
2637
3 daqiqa o‘qiladi

Budjet ochiqligi bo‘yicha hududlar reytingi yuritiladi

Bunday reytingning yuritilishi muammoli hududlarni aniqlashga, fuqarolarning faollik darajasini kuzatishga, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilishga yordam beradi.

2020 yilning 22 avgust kuni Oliy Majlis Senati raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva va moliya vaziri Timur Ishmetov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan onlayn muloqotda “Global raqobatbardoshlik” hamda “Budjet ochiqligi” indekslarida O‘zbekiston o‘rnini aks ettirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot davomida ushbu indekslarga ta'sir qiluvchi islohotlarni izchil davom ettirish zarurligi, ayniqsa budjet shaffofligini ta'minlash, budjet ijrosi ustidan deputatlik va parlament nazoratini kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini oshirish, budjetni shakllantirishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish zarurligi yuzasidan fikrlar almashildi.

Senat raisi budjet shaffofligini ta'minlash maqsadida budjet ochiqligi bo‘yicha hududlar reytingini yuritish maqsadga muvofiqligini ta'kidlab, bunday reytingning yuritilishi muammoli hududlarni aniqlashga, fuqarolarning faollik darajasini kuzatishga, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilishga, shuningdek xalqaro maydonda ijobiy baho berilishiga ham xizmat qilishini ta'kidladi.

Muloqot doirasida audit tekshiruvi va buxgalteriya hisobining milliy standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish choralarini ko‘rish lozimligi muhokama qilindi. Bu borada tashkilotlarda ichki audit tekshiruvlarni o‘tkazishda yagona yondashuvning yo‘qligi, aksariyat holatlarda tekshiruvlar va ularning natijalari sub'yektiv omillarga asoslanishi qayd etildi.

Shuningdek, buxgalterlar va auditorlar jamoat birlashmalari xodimlari va a'zolari malakasini tizimli oshirish masalasiga e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.

Senat raisining fikriga ko‘ra, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish hamda qator xalqaro standartlar bilan bog‘liq tushunchalarning qabul qilinishi, normativ-huquqiy hujjatlarga ham o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritishni talab qilishi mumkin. Shuning uchun “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunni xalqaro standartlar talablari asosida qayta ko‘rib chiqish lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid