Sport | 18:04 / 25.08.2020
3129
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mezbonlik qiladigan Osiyo chempionati U19 keyingi yilga qoldiriladi

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangan 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini 2021 yilga qoldiradi.

Kun.uz manbasi xabariga ko‘ra, OFK bu haqda ishtirokchi jamoalarning milliy federatsiyalariga xat yuborgan. Unda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyat tufayli, musobaqani o‘z vaqtida o‘tkazish imkonsizligi qayd etilgan.

Osiyo chempionati U19 14-31 oktabr kunlari yurtimizda o‘tkazilishi lozim edi. Musobaqaga qur'a tashlash jarayoni ham amalga oshirilgandi. Biroq, chempionatda ishtirok etuvchi ko‘plab jamoalar koronavirus pandemiyasi tufayli safar qilish imkoniyatlari cheklangani haqida OFKni ogohlantirishdi. Natijada, musobaqa keyingi yilga qoldiriladigan bo‘ldi.

Qayd qilish joizki, Osiyo chempionati U19 final bosqichining reglamenti, qur'a natijalari, shaharlar, stadionlar o‘zgarishsiz qoldiriladi. Futbolchilarning yoshi ham o‘zgarmaydi. 

Musobaqaning qaysi sanada o‘tkazilishi mezbon bilan kelishilgan holda keyinchalik belgilanadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda o‘tadigan musobaqada yarimfinalga chiqqan 4ta jamoa 2021 yil Indoneziya mezbonlik qiladigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yo‘l oladi.

Final bosqichiga quyidagi jamoalar yo‘l olgan: O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Qatar, Yaponiya, Tojikiston, Avstraliya, Indoneziya, Malayziya, Iroq, Vetnam, Kamboja, Eron, Yaman, Bahrayn, Laos.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid