Jamiyat | 09:58 / 25.08.2020
26065
2 daqiqa o‘qiladi

Zafarobod tuman hokimligi ish yurituvchisi 8000 dollar bilan ushlandi

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Jizzax viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga topshirildi.

Foto: IIV axborot xizmati

2020 yilning 19 avgust kuni Jizzax viloyati IIBga Jizzax viloyati Paxtakor tumani, "Paxtakor" mahallasi, Gulbahor ko‘chasida yashovchi S.A ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

U o‘z arizasida joriy yilning 17 avgust kuni o‘zini Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari "Ma'mur" deb tanishtirgan shaxs "Bo‘ston" mahallasi hududida 40 sotix bo‘sh yer maydoni borligini, ushbu yerga to‘yxona qurilishi uchun tuman hokimining qarorini chiqartirib berishini aytib, evaziga undan 12.000 AQSh dollari talab qilayotganligini bayon qilib, bu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va Jizzax viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Jizzax viloyati Zafarobod tuman hokimligi ish yurituvchisi lavozimida ishlovchi, M.B. S.A.dan talab qilgan 12.000 AQSh dollaridan 8.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ushlanib, undan ashyoviy dalil sifatida 8.000 AQSh dollari hamda arizachi S.A.ga tegishli bo‘lgan fuqarolik pasporti nusxasi olindi.

Ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Jizzax viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga qonuniy chora ko‘rish uchun topshirildi.

Mavzuga oid