O‘zbekiston | 08:25 / 28.08.2020
14015
13 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibi joriy etilmoqda - Prezident farmoni

Prezident “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Bo‘stonliq tumanining turistik yo‘nalishdagi raqobatdosh ustunliklaridan samarali foydalanish, hududning ixtisoslashuvini aniq belgilash, turistik, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash orqali aholi bandligini ta'minlash uchun 2022 yil 31 dekabrga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida alohida ma'muriy-boshqaruv tizimi joriy qilinmoqda.

Belgilanishicha, alohida ma'muriy-boshqaruv tizimi doirasida:

a) Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Bo‘stonliq tumani hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Bunda, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi:

tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taklif kiritadi;

tuman hokimligi boshqaruv apparati va davlat boshqaruvi organlari tuman bo‘linmalarining tuzilmalariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarini tumanda mas'ul tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qiladi, shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas'ul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi;

b) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida tumanda joylashgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki obekti bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalari Direksiyaga keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) realizatsiya qilish uchun o‘tkaziladi;

v) “Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida joylashgan hamda ushbu bandning “b” kichik bandiga asosan Direksiyaga o‘tkazilgan davlat mulki obektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish Direksiyaning qaroriga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi;

g) erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari yer fondini bir toifadan boshqasiga o‘zgartirish, uni turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun ajratish erkin turistik zona Ma'muriy kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, yer uchastkalari egalariga Toshkent viloyatining boshqa hududlaridan faoliyat turiga mos yer uchastkasi va yetkazilgan zararni qoplash nazarda tutiladi;

d) tumanda joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini yuritish uchun elektron onlayn auksion orqali sotuvga qo‘yish Direksiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;

ye) erkin turistik zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtiriladi;

j) tumanda (erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno), shu jumladan, o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarini ajratish, ko‘chmas mulkni buzish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani qurish bilan bog‘liq qarorlar Direksiya bilan majburiy tarzda kelishiladi;

z) tuman hokimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq bo‘linmalarining rahbarlari esa maqomi, shu jumladan, mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha tegishlicha ushbu davlat organlarining respublika darajasidagi rahbarlari o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;

i) barcha davlat boshqaruvi organlarining respublika darajasidagi rahbar (o‘rinbosar)laridan biri bir vaqtning o‘zida ularning tumandagi tegishlicha hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun biriktiriladi;

k) Direksiya direktoriga quyidagi vakolatlar beriladi:

xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari bilan investitsiya, kredit, moliyaviy yordam va grantlar jalb etish bo‘yicha kelishuvlar (memorandum, shartnomalar) tuzish;

tumanda joylashgan yer uchastkalari va davlat mulki obektlarini realizatsiya qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

hududda joylashgan davlat mulki obektlarini garovga qo‘yish orqali kreditlar olish va jalb qilish;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida nufuzli konsalting kompaniyalari, hududda barpo etilayotgan yirik obektlarni loyihalash va qurilish ishlariga nufuzli xorijiy loyiha va pudrat kompaniyalar hamda malakali ekspertlarni jalb qilish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida erkin turistik zona hududida yashil zonalarni tashkil qilish, ayrim hududlarda esa tabiatga zarar keltiradigan xo‘jalik faoliyatini, shu jumladan, chorvachilik, dehqonchilik, yangi sanoat va xizmat ko‘rsatish obektlarini barpo etish taqiqlangan zonalarni belgilash;

aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatiladigan ayrim davlat xizmatlarini autsorsing tizimi asosida tashkil etish;

aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki obektlari bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obektlarni ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida boshqaruv kompaniyalariga berish.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq, istisno tariqasida, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:

tumanda litsenziya va ruxsatnoma berishdan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va ma'muriy huquqbuzarliklar uchun jarimadan respublika va viloyat mahalliy budjetiga tushadigan mablag‘lar va bojlar to‘liqligicha tuman mahalliy budjetiga;

tuman hududida joylashgan davlat mulki obektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish xarajatlaridan tashqari), shuningdek, yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar to‘liq Jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

Alohida ma'muriy-boshqaruv tizimi davrida tuman hokimligi faoliyatining samaradorligi quyidagi asosiy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi:

aholi bandligi va daromadlarini oshirish;

ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, shu jumladan, ta'mirtalab ta'lim, tibbiyot tashkilotlarini zarur anjomlar, buyumlar, aloqa va kommunikatsiya vositalari bilan ta'minlash;

tuman iqtisodiyotiga investitsiyalarni, xususan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi hamda mahsulotlar (xizmatlar) eksportini oshirish;

tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mahalliy budjetning daromadini ko‘paytirish, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini kamaytirish;

yo‘l-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda axborot-telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish;

ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, shu jumladan, chiqindilarni zamonaviy utilizatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish.

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda tuman hokimligi faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlaydi.

Tuman hokimligiga quyidagi qo‘shimcha asosiy ustuvor vazifalar yuklandi:

ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish;

xususiy sektorda turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida keng targ‘ib qilish;

zamonaviy turistik infratuzilma obektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar, restoran va kafelar hamda turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar)da turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni ta'minlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish;

tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish va loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shu jumladan, turizmni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalarini zonalar va lotlarga ajratish ishlarini tashkil etish;

tumanning turistik salohiyatini rivojlantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;

turistik infratuzilmani rivojlantirish hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratish;

transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yo‘nalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirishni ta'minlash;

turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini tumanda diversifikatsiya qilinishini ta'minlash;

respublika ichida turizm xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirishga yo‘naltirilgan turizm faoliyati sub'yektlarining faolligini rag‘batlantirishni ta'minlovchi tumanning ichki turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish;

tashrif buyurgan turistlarning xavfsizligi va salomatligini ta'minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

energiyaning muqobil va qayta tiklanadigan manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish;

tumanda istiqomat qiluvchi aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash choralarini ko‘rish;

tumanda ishlab chiqilgan turizm mahsulotlarining xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilinishini ta'minlash, tumanning sayohat va dam olish uchun xavfsiz hudud sifatidagi imijini mustahkamlash;

xalqaro reytinglarga asosan turizmni rivojlantirishga yetakchi xorijiy mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Fransiya, Ispaniya, Shveytsariya, Yaponiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaxassislarni jalb qilish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etgan holda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish sport bazalarini hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalari o‘tkazishga mo‘ljallangan yozgi va qishki sport obektlari va inshootlarini barpo etish choralarini ko‘rish;

tumandagi sport bazalari hamda sport obektlari va inshootlaridan samarali foydalanilishini ta'minlash, sport turlari bo‘yicha mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini, shuningdek, nufuzli xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish orqali sport turizmini rivojlantirish;

ommaviy va professional sportni, shu jumladan, yozgi va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;

turistik va ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishga xalqaro moliya institutlari grantlari va mablag‘larini jalb etish hamda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish.

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

a) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:

investitsiyalarni, ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb etish, tumanning eksport salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta'minlash hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish;

tumanda yangi turistik va ijtimoiy infratuzilma obektlari, shu jumladan, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, madaniy ko‘ngilochar maskanlari, dam olish va sayil qilish uchun yashil zonalar, parklar sonini keskin ko‘paytirish, sohada yangi xizmatlar turlarini kengaytirish, transport va logistikani rivojlantirish;

yo‘l-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish;

tumanning barcha hududlarida, shu jumladan, tog‘li va olis qishloqlarida axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish, axborot, aloqa, internet xizmatlari sifatini oshirish;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash;

b) ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish yakunlari bo‘yicha mazkur Farmonda belgilab berilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun 2020 yil 1 dekabrga qadar tumanda mutlaqo yangi o‘zini o‘zi boshqarish tizimini joriy etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritadi.

Mavzuga oid