O‘zbekiston | 17:30 / 28.08.2020
8763
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz muxbiri Urganch shahar kengashi sessiyasiga kiritilmadi

Urganch shahar hokimligida 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyaga Kun.uz muxbiri kiritilmadi. Shahar hokimligi matbuot xizmati ham bu masalada muxbirga yordam bermagan.

Foto: KUN.UZ

28-29 avgust kunlari Xorazm viloyati xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Urganch shahar hokimligida ham 28 avgust kuni soat 10:00da sessiya o‘tkazilishi, unda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 20 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan hokimlarining aholi ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash («temir daftar»), tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish borasida qilinayotgan ishlar natijadorligi hisob qilinishi lozim edi.

Sessiyaning o‘tkazilishiga Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tajiyev mas'ul qilib belgilangani ma'lum qilingandi.

Kun.uz'ning viloyat muxbiri Nurmuhammad Said  27 avgust kuni Urganch shahar hokimligi matbuot kotibiga qo‘ng‘iroq qilib, “Ertaga sessiya bor ekan, qatnashsam bo‘ladimi, muammo yo‘qmi?” deb so‘raydi. U: “So‘rab ko‘raman, sizga javobini aytaman”, deydi. Ammo hech qanday javob bo‘lmaydi.

Muxbir 28 avgust kuni soat 9:45da Urganch shahar hokimligiga yetib boradi. Biroq, unga Urganch shahrida DXA yangi binosi ochilishi marosimi o‘tkazilishi tufayli, sessiya soat 14:00ga ko‘chirilgani aytiladi. Shu kuni soat 13:50da yana Urganch shahar hokimligi binosiga yetib borgan Kun.uz muxbiriga eshik oldidagi qo‘riqchi telefon bilan sessiyada qatnashish mumkin emasligini, bu haqda ko‘rsatma olganini aytadi. Muxbir hujjatini ko‘rsatib, jurnalist ekanini, sessiyani yoritishda telefondan foydalanishini, fotosuratga olishini, foto va videokamera yo‘qligi bois, telefon ish qurollaridan biri ekanini ma'lum qiladi. 

Shundan so‘ng qo‘riqchi bu masalani tashkiliy bo‘limdan so‘rashi lozimligini va kutib turish kerakligini aytadi. Bu vaqt mobaynida sessiyada ishtirok etish uchun rahbarlar, deputatlar ichkariga kiritila boshlanadi. Vaqt o‘tib borsa-da, muxbirning iltimosiga javob bo‘lmaydi. Shundan so‘ng, muxbir Urganch shahar hokimligi matbuot kotibini ko‘rib qolib, undan: “Sessiyaga telefon bilan kirsa bo‘ladimi?” deb so‘raydi. Matbuot kotibi: “Men bir so‘rab ko‘ray, o‘zim sizga aytaman” deb, ichkariga kirib ketadi. 

Soat 14:00ga kelib, rahbarlar va deputatlar ichkariga kirib bo‘lishadi. Ammo muxbirning iltimosiga hech qanday javob bo‘lmaydi. U qo‘riqchidan: “Sessiya boshlanib ketyapti, yana bir bor so‘rab bering, agar sessiya yopiq tarzda o‘tkazilsa, mayli, kirmay ketaveraman”, deb iltimos qiladi. Qo‘riqchi esa jurnalistni kiritish uchun hech qanday ko‘rsatma olmaganini aytadi.

Soat 14:10ga kelib, muxbir sessiya boshlanib qolgani va uning asosiy qismini o‘tkazib yubormaslik uchun telefon va boshqa ashyolarini ham qoldirib kirishga rozi bo‘ladi. Ammo qo‘riqchi kiritish uchun hech qanday ruxsat yo‘qligini aytib, baribir ichkariga kiritmaydi. Soat 14:20da muxbir sessiyaga kiritilishidan umidini uzib, Urganch shahar hokimligini tark etadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi 154-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti”ning 12-moddasiga ko‘ra, sessiyalar ochiq, oshkora o‘tkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid