O‘zbekiston | 10:31 / 22.05.2024
29946
3 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahrining nohaq sudlangan sobiq prokurori oqlandi va 10 yil deganda ishga tiklandi

Xorazm viloyati Urganch shahrining sobiq prokurori Maqsudbek Ollaberganov 2014 yilda sudlangan va lavozimdan olinib, prokuratura tizimidan xizmatdan bo‘shatib yuborilgan. U oradan yillar o‘tib u sudda oqlandi va ishga qayta tiklanish uchun Oliy sudgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Urganch shahrining sobiq prokurori Maqsudbek Ollaberganov bundan 10 yil oldin, 2014 yilda nohaq sudlangan va lavozimdan olingan. Yaqinda Ollaberganovning ishi sudlar tomonidan qayta ko‘rib chiqildi va unga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilindi.

Buning natijasida sobiq prokuror aybsiz deb topilib oqlandi.

Maqsudbek Ollaberganov oqlov hukmiga tayanib, Bosh prokuraturaga o‘zini prokuratura organlariga ishga tiklash haqida murojaat qiladi. Biroq, uning murojaati qanoatlantirilmaydi.

Shundan so‘ng, u 2022 yil dekabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga xizmat tekshiruvi hulosasini g‘ayriqonuniy deb topish, prokuratura organlariga ishga tiklash, majburiy progul yurgan kunlari uchun moddiy zarar undirish va o‘tgan davrni ish stajiga qo‘shish haqida da’vo arizasi kiritadi.

Ishni dastlab ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi 2023 yil 8 iyundagi hal qiluv qarori bilan sobiq prokurorning asosiy talablarini qanoatlantiradi, ya’ni, uni ishga tiklash, o‘tgan davrni stajiga qo‘shish hamda moddiy va ma’naviy zararlarni undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.

Viloyat prokuraturasi viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritadi. Xorazm viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya ishini ham sobiq prokuror foydasiga hal qiladi – hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldiradi.

Ish Xorazm viloyati fuqarolik sudlov hay’atida taftish tartibida ham qaytadan ko‘riladi va qaror o‘z kuchida qoladi.

Biroq, shunga qaramasdan quyi sudlarning qarorlari ijro qilinmaydi, Maqsudbek Ollaberganov ishga tiklanmaydi hamda sud qarorlarida ko‘rsatilgan mablag‘lar undirilmaydi.

Bosh prokuratura shu yil mart oyida Oliy sudga taftish tartibida protest kiritadi va quyi sudlarning qarorlarini bekor qilib, sobiq prokurorning da’vo arizasini to‘liq rad qilishni so‘raydi.

Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ham masalani ko‘rib chiqib, 17 may kungi ajrimi bilan Urganch shahar sobiq prokurorini prokuratura tizimiga ishga tiklash to‘g‘risida qaror chiqardi.

Shuningdek, uning hisobiga majburiy progul summalarini undirish, 2014 yildan 2024 yilga qadar majburiy bo‘sh yurgan kunlarini ish stajiga qo‘shish haqidagi quyi sudlaring qarorlari o‘z kuchida qoldirildi.

Sud qarorlariga ko‘ra, Xorazm viloyati prokuraturasi sud qarori ijrosini ta’minlashi belgilandi.

Mavzuga oid