O‘zbekiston | 12:12 / 28.08.2020
3499
4 daqiqa o‘qiladi

QQS summasini qoplash qanday amalga oshiriladi?

Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma'murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 489–son qarori bilan Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

QQS salbiy farq summasini qoplash, shu jumladan, boshqa soliqlar bo‘yicha qarzdorlikni uzish hisobiga qoplash Soliq kodeksiga va ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
 
Norma’ning yozishicha, ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasini qaytarishga hamda chet davlat fuqarolariga soliq summasi o‘rnini qoplashga (tax free) nisbatan ushbu Nizom qoidalari tatbiq etilmaydi.
 
Nizomda qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasi deganda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir operatsiyalarning soliq bazasidan hisoblab chiqarilgan QQS summasi bilan olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha hisobga olinadigan QQS summasi o‘rtasidagi salbiy farq tushuniladi.
 
Bunda xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlari, shuningdek, mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilari uchun respublika hududida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha yetkazib beruvchilarga tovarlar (xizmatlar) qiymatida to‘langan QQS summasi tushuniladi.
 
QQS summasi o‘rnini qoplash masalasi soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq boshqarmasi tomonidan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa - yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va qaror qabul qilinadi.
 
Soliq kodeksiga muvofiq QQS summasini o‘rnini qoplash soliq to‘lovchining arizasiga asosan soliq organlari tomonidan kameral tekshiruv o‘tkazilgandan keyin amalga oshiriladi. Kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq organi tomonidan qaytarilishi bayon etilgan QQS summasi o‘rnini to‘liq yoki qisman qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, ko‘rsatilgan summa soliq to‘lovchiga ariza taqdim etilgan kundan e'tiboran 60 kundan kechiktirmay qaytariladi.
 
Quyidagi soliq to‘lovchilar uchun soliq summasi o‘rnini tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibi imkoniyati mavjud:

  • yirik soliq to‘lovchilar;
  • bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini imzolagan soliq to‘lovchilar;
  • eksportni amalga oshiruvchi shaxslar;
  • xorijiy davlat diplomatik va unga tenglashtirilgan vakolatxonalar;
  • mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilari;
  • soliq monitoringi ishtirokchilari.

Tezlashtirilgan tartibda qoplash 7 kun ichida amalga oshiriladi. Bunda qoplanishi bayon etilgan soliq summasi asoslanganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvi umumiy tartibda o‘tkaziladi.
 
Shuningdek, Nizomda:

  • soliq summasini qoplash uchun asos bo‘luvchi hujjatlar va ularni taqdim etish tartibi;
  • eksport operatsiyalarini tasdiqlovchi hujjatlar va ularni taqdim etish tartibi;
  • qoplanadigan soliq summasining asoslanganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi;
  • xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlariga soliq summasini qoplash (qaytarish) tartibi;
  • mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga soliq summasini qoplash (qaytarish) tartibi bayon etilgan.

 Hujjat 15.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid