O‘zbekiston | 08:49 / 28.08.2020
29914
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Belarus bilan barcha aloqalarni to‘xtatdi 

Foto: RIA Novosti

Ukraina Belarus bilan muloqotni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vazirligi Dmitriy Kuleba “1+1” telekanali efirida aytib o‘tgan. 

“Men bu haqida sizga rasman ma'lum qilishim mumkin. Biz vaziyatning borishi ortidan kuzatmoqdamiz. Aloqalar Ukrainaning obro‘siga hamda unga ma'naviy, axloqiy tomondan putur yetkazmasligiga ishonch hosil qilsak, ularni yana tiklaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Kuleba.

Uning ta'kidlashicha, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy belaruslik hamkasbi Aleksandr Lukashenko bilan oxirgi marta Belarusda 9 avgustda o‘tgan prezident saylovlari oldidan so‘zlashgan.

Bundan tashqari, Kiyev zarurat yuzaga kelsa, Donbass bo‘yicha muzokaralarni Belarus poytaxti Minskdan boshqa yerga ko‘chirishi mumkin. Kulebaning ta'kidlashicha, biroq bundan hech qanday ma'no yo‘q.

“Hozirda bu jarayonlardan faqatgina Minsk nomigina qolgan, chunki pandemiya sababli uchrashuvlar onlayn o‘tmoqda. Shu sababli hech kim u yerga bormayapti, Minsk bilan bevosita aloqa yo‘q”, deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina tashqi ishlar vaziri.   

Avvalroq Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal o‘z vatanlarida ta'qib qilinayotgan belaruslarga Ukrainada himoya taklif qilgan. Uning aytishicha, yordamga muhtoj odamlar Ukraina chegarasini kesib o‘tayotganda bu haqida chegara xizmatini xabardor qilishi lozim.

“Belarusning bosimga yoki ta'qibga uchrayotgan hamda qo‘shimcha himoyaga muhtoj fuqarolari Ukrainada hamma vaqt himoya olishlari mumkin”, deb yozgan Shmigal Telegram’da.

Avvalroq Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Belarusda prezident saylovlari takror o‘tkazilishi zarurligini aytgan. Belarus tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz bunga javoban Minsk Ukrainaning “siyqasi chiqqan” maslahatlariga muhtoj emasligini aytgan.  

Belarusda 9 avgustda o‘tgan prezident saylovlarida amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozonganidan keyin unga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid