Jahon | 08:51 / 02.09.2020
11209
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyalik ayol rekord uzoq vaqt koronavirus bilan kasallangan

Braziliyalik ayol 5 oy davomida koronavirus tashuvchisi bo‘lgan. Bu haqda Rio-de-Janeyro federal universiteti molekulyar virusologiya laboratoriyasiga tayanib O Globo nashri xabar berdi.  

“Ayol kasallikning hech qanday alomatlarini sezmagan, biroq 152 kun davomida virusni boshqalarga yuqtira olgan. Bu virusning organizmda eng uzoq vaqt qolishining hujjatlashtirilgan holati hisoblanadi va infeksiyaning alomatsiz kechishi pandemiya tarqalishida qanday rol o‘ynashini ko‘rsatadi”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Ta'kidlanishicha, sog‘liqni saqlash tizimida ishlagan ayolda koronavirusning yengil alomatlari mart oyida paydo bo‘lgan. U shifoxonada davolanishga ehtiyoj sezmagani sababli o‘z uyida karantinda qolgan. Ayol o‘z ishiga 5 oydan keyingina qayta olgan.

Laboratoriya olib borgan tadqiqot davomida 3000 kishida molekulyar tahlil o‘tkazilgan. Ulardan aksariyati hech qanday simptomlarni his qilmagan, biroq bir necha hafta davomida virus tashuvchisi bo‘lib qolgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirusga chalinish holatlari 3,9 mlndan ko‘proqni tashkil qilmoqda va Lotin Amerikasi davlati bu borada AQShdan keyin 2-o‘rinni egallamoqda. Mamlakatda, shuningdek, 121 mingdan ko‘proq kishi infeksiyadan vafot etgan.

Mavzuga oid