O‘zbekiston | 08:20 / 04.09.2020
5484
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat moliyasini boshqarish optimallashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori (24.08.2020 yildagi 506-son) bilan 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi tasdiqlandi.

Hujjat Prezidentning 30.12.2019 yildagi «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4555-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.
 
Norma’ning yozishicha, qaror bilan tasdiqlangan Strategiya davlat moliyasi sohasida rejalashtiriladigan va o‘tkaziladigan islohotlarning aniq maqsad va vazifalari, asosiy yo‘nalishlarini bir hujjatga jamlaydi. Strategiya 2018 yilda PEFA uslubiyati bo‘yicha Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan amaldagi budjet tizimi tahliliga, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalariga, shuningdek Xalqaro valuta jamg‘armasining shaffoflik kodeksi doirasida fiskal siyosatning shaffofligini diagnostik baholash natijalariga asosan ishlab chiqilgan.
 
O‘zbekistonda davlat moliyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan Davlat budjeti Parlament tomonidan tasdiqlangan, «Fuqarolar uchun budjet» nashri chop etilgan, mazkur nashr openbudget.uz axborot portalida joylashtirilgan. Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi ma'lumotlar Xalqaro valuta jamg‘armasining Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq e'lon qilinadi, mahalliy budjetni shakllantirishda kengashlar va hokimliklar roli oshirildi.
 
Strategiyada 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishning oltita asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi «natijaga yo‘naltirilgan budjet» tizimini joriy etish;
  • makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta'minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyatini oshirish;
  • budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas'uliyatini kuchaytirish;
  • fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
  • budjet hisobi standartlarni unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash, shuningdek budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • budjet ma'lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta'minlash.

Shuningdek qaror bilan Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlangan.
 
Hujjat 25.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid