O‘zbekiston | 11:48 / 04.09.2020
3388
4 daqiqa o‘qiladi

Eng yaxshi ijodkor yoshlarga «Ilhom» mukofoti beriladi

Vazirlar Mahkamasining 24.08.2020 yildagi «Ilhom» mukofotini ta'sis etish to‘g‘risida»gi 503-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (OO‘MTV), Madaniyat vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Ilhom» mukofotini ta'sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
 
Norma’ning yozishicha, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • «Ilhom» mukofoti tanloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi;
  • Mukofot uchun tanlov o‘tkazish qoidalari va shartlari, tashkil etish hamda o‘tkazish, mukofotni topshirish va moliyalashtirish tartibini nazarda tutuvchi «Ilhom» mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

 Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • mukofot shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlarga beriladi;
  • mukofot uchun tanlovni o‘tkazishga OO‘MTV mas'ul hisoblanadi, IIV, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, «O‘zbekkino» Milliy agentligi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkor vazirlik va idoralar etib belgilandi;
  • mukofot bilan taqdirlash har yili 20 may – Adiblar xiyoboni ochilgan kunda «Katta adabiyot bayrami» haftaligi doirasida amalga oshiriladi;
  • tanlov g‘oliblariga maxsus diplom va statuetkadan tashqari quyidagi mukofotlar topshiriladi:
  • 1-o‘rin uchun – «Spark» yengil avtomobili;
  • 2-o‘rin uchun – 30 mln so‘m pul mukofoti;
  • 3-o‘rin uchun – 15 mln so‘m pul mukofoti.

OO‘MTVga Madaniyat vazirligi, IIV, Milliy gvardiya, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va «O‘zbekkino» milliy agentligi bilan birgalikda «Ilhom» mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha dasturni ikki oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash hamda tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilishini ta'minlash topshirildi.
 
O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga OO‘MTV buyurtmasiga binoan mukofot statuetkasi eskizi loyihasini uch oy muddatda ishlab chiqish hamda tasdiqlash uchun Tashkiliy qo‘mitaga kiritish topshirildi.
 
Mukofotlarni tayyorlash va g‘oliblarni taqdirlash marosimini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar OO‘MTVning Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
 
Nizomda quyidagilar qayd etilgan:

  • tanlovning dastlabki saralash bosqichini tashkil etish va o‘tkazish tartibi;
  • tanlovning asosiy bosqichi g‘oliblarini aniqlash va baholash tartibi;
  • mukofotni topshirish, tanlovni tashkil etish va o‘tkazishni moliyalashtirish tartibi.

 Hujjat 25.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid