Jamiyat | 12:22 / 04.09.2020
22320
2 daqiqa o‘qiladi

Imtihonning ikkinchi kuni 6 nafar soxta abituriyentga chora ko‘rildi - DTM

Davlat test markazi 3 sentabr kungi test sinovlari haqida ma'lumotlarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, shu kuni Namangan viloyatida ob-havo tufayli 2-smena imtihonlari soat 18:30da boshlanib, 21:30da tugagan.

Ma'lum qilinishicha, 3 sentabr kuni 65ta obektda test sinovlari 1-smenada soat 08:00 da boshlanib, 11:00 da, 2-smena esa soat 17:00da boshlanib, 20:00da tugagan. Faqat Namangan viloyatida ob-havo tufayli 2-smena imtihoni soat 18:30da boshlanib, 21:30da tugagan.

«Test sinovlarida bir kunda ishtirok etishi rejalashtirilgan 117 ming 919 nafar abituriyentdan 112 ming 103 nafari, ya'ni 95,1 foizi qatnashdi, 5 ming 695 nafar abituriyent testga kelmagan. 6 nafar abituriyentning tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lgani sababli, ularga ruxsat berilmadi.

40 nafar abituriyent hududga kirish joyida imtihondan chetlatilgan. Ularning 28 nafari telefon, 3 nafari shpargalka olib kirishga harakat qilgan, 9 nafari boshqa abituriyent o‘rniga kirmoqchi bo‘lgan.

75 nafar abituriyent esa imtihon jarayonida testdan chetlatilgan. Bu abituriyentlarning 62 nafari telefon va elektron qurilmalar, 7 nafari shpargalkadan foydalanishga harakat qilgani uchun, 4 nafari esa test materiallarini olib chiqib ketishga harakat qilgani, 2 nafari boshqa shaxsning o‘rniga kirgani uchun chetlatilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida boshqa abituriyent o‘rniga kirmoqchi bo‘lgan 6 nafar soxta abituriyent jarayondan chetlatilib, ularga Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.

Mavzuga oid