O‘zbekiston | 14:01 / 04.09.2020
46602
4 daqiqa o‘qiladi

So‘xdagi tartibsizliklardan so‘ng qamoqqa olingan 6 kishining shaxsi ma'lum bo‘ldi

Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi tartibsizliklarda ishtirok etishda ayblanib qo‘lga olingan olti kishining shaxsi ma'lum bo‘ldi. Qarindoshlari qo‘lga olinganlar mojaroda ishtirok etmaganini ta'kidlashmoqda.

Gazeta.uz nashri Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida may oyidagi mojarolar to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha ayblovlar e'lon qilingan fuqarolarning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, ular Davlatjon Mallayev, Firdavs Ahrorov, Oybek Otashev, Maxsum Ahmedov, Nazirjon Jo‘rayev va Ravshan Mirsharipov. Bosh prokuratura matbuot xizmati nashr so‘roviga javoban ushbu ism-familiyalarni tasdiqlagan. 

Qayd etilishicha, nashrga ayb e'lon qilingan Firdavs Ahrorovning otasi Mullahusan Ahrorov murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 yoshli o‘g‘li mojaroda ishtirok etmagan va faqat fuqarolarning bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvida qatnashgan.

Firdavs Ahrorov

Uning ta'kidlashicha, Firdavs Ahrorov xuddi boshqa yigitlar singari, 22 avgust kuni vertolyotda olib ketilgan. F.Ahrorov uy ta'mirlash bilan shug‘ullanishi aytilgan. Videokadrlardan birida uning yo‘ldan chopib o‘tayotgani tasvirlangan hamda bosh vazir bilan uchrashuvda faqat o‘z muammolarini ochiqlagan.

Ayblanuvchining otasi o‘g‘lini ish joyidan So‘x tumani ichki ishlar bo‘limiga chaqirishgani, u yerdan uni vertolyotda olib ketishganini aytgan. O‘shanda fuqaro mahalliy IIB va DXX bo‘limida o‘g‘lining qayerdaligi to‘g‘risida ma'lumot ololmagan. Hokimlik vakillari unga Firdavs Ahrorovni «Farg‘onaga 5-6 kunga olib ketishga va tez orada qaytarib olib kelishlari»ni bildirishgan.

Mullahusan Ahrorov

U pasporti yo‘qligi sababli Farg‘onaga ketolmasligini va turmush o‘rtog‘i kasalligini ta'kidlab o‘tgan.

Shuningdek, ayblanuvchi sifatida jinoiy ishga jalb etilgan 20 yoshli Oybek Otashevning akasi Dadaxon Otashev ham murojaat qilgan.

Oybek Otashev

Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 avgust kuni soat taxminan 8:00da profilaktika inspektori ularning uyiga kelib, Oybek Otashev «bir masala bo‘yicha» ichki ishlar bo‘limiga borishi kerakligini aytgan. So‘ng uni ham Farg‘onaga vertolyotda olib ketishgan.

Dadaxon Otashev ukasi 31 may kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan bo‘lgan uchrashuvda qatnashganini tasdiqladi.

  • 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani, Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botkent oblasti, Qadamjoy tumani bilan chegaradosh hududida joylashgan «Chashma» bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.
  • Shu yilning 1 iyun kuni Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, ularga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangani ma'lum qilindi.
  • So‘x tumanida yuz bergan ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumon qilinib shu yilning 22 avgustidan buyon ushlab turilgan bloger Haydarjon Bobohaydarov (Dadaxon Haydarov) 2 sentabr kuni ozodlikka chiqarildi. Uning advokati himoyasi ostidagi shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb etish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish uchun yetarli asoslar bo‘lmagani sababli u tergov organi qarori bilan qo‘yib yuborilganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid