Jahon | 16:37 / 05.09.2020
7789
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Xitoy harbiylari besh kishini o‘g‘irlab ketganini bildirdi

 Mahalliy qonunchilik yig‘ilishi vakili Ninong Eringning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat ilgari ham sodir bo‘lgan.

Foto: AP Photo / Mukhtar Khan

Hindistonning Xitoy bilan chegaradosh Arunachal-Pradesh shtati hukumati xitoylik harbiylar besh kishini o‘g‘irlab ketganini bildirdi.

 "Xitoy xalq-ozodlik armiyasi (XXOA) Yuqori Subansiri okrugida yashovchi besh kishini o‘g‘irlab ketdi. Men markaziy hukumatdan o‘g‘irlab ketilganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazishini so‘radim. XXOA bunday ish bilan birinchi marta shug‘ullanmayapti. Bir necha oy avval ham bir kishini o‘g‘irlab ketishgan va keyin qo‘yib yuborishgandi", - dedi mahalliy qonunchilik yig‘ilishi vakili Ninong Ering.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning bunday harakatlari shtatda keskinlik kuchayishiga olib kelishi mumkin.

 Avvalroq Reyter agentligi Hindiston Arunachal-Pradesh shtatining Xitoy bilan chegarasiga qo‘shin tashlagani haqida xabar bergandi.

 Xitoy va Hindiston Kashmir shimolidagi tog‘li hudud hamda Arunachal-Pradesh shtatidagi qariyb 60 ming kvadrat kilometr hududi kimga tegishliligi borasida bahslashib keladi.

 Iyunda ikki davlat chegarachilari o‘rtasida Galvan daryosi vodiysida yuz bergan to‘qnashuv oqibatida ikki tomondan o‘nlab harbiylar halok bo‘lgan va 70 dan ko‘proq harbiy jarohat olgandi.

Mavzuga oid