O‘zbekiston | 07:29 / 05.09.2020
15888
2 daqiqa o‘qiladi

Tugatilayotgan fermer xo‘jaligining yerga qilgan xarajati qoplanadi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Tugatilayotgan yoki maqbullashtirilayotgan fermer xo‘jaligi yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa sub'yektlarga ajratilgan yer maydonida sarflangan xarajatlar qiymatini hisoblash va qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: KUN.UZ

Hujjat Prezidentning 17.06.2019 yildagi «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5742-son Farmon ijrosini ta'minlash doirasida qabul qilingan.

Norma’ning yozishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar xarajatlarni qoplashga mablag‘lar olish uchun baholovchi tashkilotga murojaat qiladilar va u bilan shartnoma tuzadilar. Qoplanishi lozim bo‘lgan xarajatlarga ko‘p yillik ko‘chatlar, sug‘orish tarmoqlari va qurilmalari, agrotexnik tadbirlar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini o‘tkazishga doir va boshqa xarajatlar kiritiladi.

Baholovchi tashkilotning baholash natijalari to‘g‘risidagi hisoboti nusxasi tuman (shahar) hokimiyatiga yuboriladi, u yerda hujjatlar ikki kun ichida o‘rganib chiqiladi. Baholash natijalari bo‘yicha e'tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda, hokimiyat tomonidan uch kun muddatda hujjatlarning ishonchligi yuzasidan ekspertiza o‘tkaziladi.

Nizomda xarajatlarni pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan yoki naqd pul ko‘rinishida qoplab berishning quyidagi turlari nazarda tutilgan:

  • tijorat banklarining kreditlari;
  • boshqa obektni mulk qilib berish;
  • kompensatsiyaning boshqa turlari.

Fermer xo‘jaligi yoki o‘ziga ajratilgan yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa sub'yektning tugatish yoki maqbullashtirish chog‘idagi xarajatlari yer uchastkasining uzoq muddatli ijarasi bo‘yicha o‘tkazilgan tender g‘olibi tomonidan savdo natijalari e'lon qilingan kundan boshlab uch kun ichida qoplab beriladi.

Hujjat 25.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid