Light | 00:44 / 07.09.2020
78432
2 daqiqa o‘qiladi

Yurak uchun foydali 9 ta mahsulot ma'lum qilindi

Foto: Depositphotos / gregorylee

Zamonaviy hayot sur'ati va nosog‘lom ovqatlanish yurak-tomir tizimi holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Turkiyalik parhezshunos shifokor Fotima Baysal Yusufning ta'kidlashicha, sog‘lom yurak garovi to‘g‘ri ovqatlanish hisoblanadi. U buning uchun ovqatlanish ratsioniga qo‘shilishi kerak bo‘lgan mahsulotlarni sanab o‘tdi.

Mutaxassisning aytishicha, sarimsoq tomirlarga yaxshi ta'sir ko‘rsatadi va yurak-tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Yusufning tavsiyasiga ko‘ra, har kuni bir bo‘lak sarimsoq yeyish kerak. Bundan avval uni yaxshilab ezg‘ilab olish lozim.

Baliq va baliq yog‘i tromblar hosil bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatadi, ularda saqlanuvchi omega-3 yog‘ kislotalari yuqori darajadagi antioksidant xususiyatlarga ega. Shifokor gril yoki bug‘da pishirilgan baliqni yeyishni tavsiya qilgan.

Yong‘oq va funduk omega-3 kislotalari, Ye vitamini, magniy va kletchatkaga boy. Mutaxassis haftada uch martagacha fundukdan 6-7 dona, yong‘oqdan esa 2-3 dona iste'mol qilishni tavsiya qilgan.

Zig‘ir urug‘lari ham yurak-tomir kasalliklari oldini oladi. Mutaxassis kuniga bir osh qoshiqdan maydalangan zig‘ir urug‘ini yogurt yoki suyuq ovqatga qo‘shib tanovul qilishni tavsiya qilgan.

Suli, javdar va kepakli bug‘doy uni V va Ye vitaminlari evaziga sog‘liqqa ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Ko‘k choy esa antioksidant xususiyatlarga ega polifenollarga egaligi hisobiga yurak-tomir kasalliklari rivojlanishi oldini oladi. Shifokor qora choy yoki qahva o‘rniga ko‘k choy ichishni tavsiya qilgan. Bundan tashqari, mavrak (shalfey) va moychechak (romashka) damlamasi ham yaxshi ta'sirga ega. 

Mutaxassis, shuningdek, qizil rangli uzum, pomidor va tarvuzning ham yurakka foydali ekanini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid